Chet el valyutasida qarz berishni notarial tasdiqlash orqali amalga oshirish mexanizmlari ishlab chiqildi

15:17 23 Dekabr 2021 Jamiyat
556 0

Adliya vazirligi tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi. Unda fuqarolar oʻrtasida chet el valyutasida qarz berishni notarial tasdiqlash orqali amalga oshirish mexanizmlari ishlab chiqilgan.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, chet el valyutasida qarz berish va qaytarib olish boʻyicha shartnoma tuzishga ruxsat etilmagan va bu fuqarolar tomonidan chet el valyutasida qarz oldi-berdisini amalga oshirishga cheklovlarni vujudga keltirayotgan edi.

Biroq amaliyotda fuqarolar tomonidan chet el valyutasida qarz kelishuvlari tuzish holatlari koʻp uchrab, ushbu cheklovlar sababli yozma ravishda qarz shartnomasini tuzishga va keyinchalik nizo kelib chiqqanda oʻz huquqlarini himoya qilishga toʻsqinliklarga olib kelayotgan edi.

Fuqarolar oʻrtasida mazkur masalada vujudga kelayotgan muammolarni bartaraf etish maqsadida, Prezident Farmoni bilan ushbu cheklovlar olib tashlandi hamda jismoniy shaxslarga qarz shartnomalarini notarial tasdiqlash orqali chet el valyutasida qarz berish va qaytarib olishga ruxsat berildi.

Farmonda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash hamda chet el valyutasida qarz berishda fuqarolarning huquqlarining himoya qilish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan Qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Loyihada quyidagilar nazarda tutilgan:

– Fuqarolik kodeksiga fuqarolar oʻrtasida qarz shartnomasi, agar bu qarzning summasi bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan ortiq boʻlsa, oddiy yozma shaklda tuzilishi, qarz summasi chet el valyutasida belgilanganda esa yozma shaklda tuzilishi va notarial tartibda tasdiqlanishi shartligi kabi yangi qoida kiritilmoqda;

– “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonunga Oʻzbekiston Respublikasi hududida rezident va norezident boʻlgan jismoniy shaxslar oʻrtasidagi valyuta operatsiyalariga yozma shaklda tuzilgan va notarial tartibda tasdiqlangan qarz shartnomasi orqali qarz berish va qaytarib olishga doir operatsiyalar kiritilmoqda;

– “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunga qarz shartnomasini notarial tasdiqlanganlik uchun hamda notarius tomonidan qarz shartnomasidan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish boʻyicha ijro varaqasini rasmiylashtirishda davlat boji miqdorini ikki baravarga kamaytirish nazarda tutilmoqda.

Mazkur Qonun loyihaning qabul qilinishi bilan jismoniy shaxslarning oʻz mulki hisoblangan chet el valyutasidagi pul mablagʻlarini erkin tasarruf etishi, xususan ularning chet el valyutasida qarz berishda huquqlarining himoya qilinishi, shu jumladan nizo kelib chiqqan taqdirda sudda oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlarini toʻliq himoya qilinishiga huquqiy asoslar yaratilishi hamda qarz berish va olishda shartnomaviy-huquqiy munosabatlarning rivojlanishiga turtki berishi va bu borada yashirincha kelishuvlar tuzilishining oldi olinishi taʼminlanadi.

Shu bilan birga, notariuslar tomonidan chet el valyutasida qarz shartnomalarini tasdiqlashda fuqarolarga zarur huquqiy yordam va xizmatlar koʻrsatilishiga hamda notariuslar tomonidan ijro xatlarini yozishda davlat bojining kamaytirilishi natijasida sudlarda ushbu masalalarda nizolar koʻrib chiqilishining kamayishi va ularning ish yuklamasiga ijobiy taʼsir koʻrsatilishiga erishiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?