chess.com saytida “Oʻzbek shaxmat ustalarining sirlari” sarlavhali maqola chop etildi

17:56 05 Dekabr 2022 Sport
649 0

Dunyodagi mashhur shaxmat platformasi — chess.com saytida xuddi shu sarlavhada maqola berildi. Unda Oʻzbekiston shaxmat ustalarining xalqaro maydonda qayd etayotgan muvaffaqiyatlari haqida soʻz yuritilgan. Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda. 

Maqola muallifi — yurtdoshimiz, asli toshkentlik grossmeyster Grigoriy Serperdir. U 1988-yilda oʻsmirlar oʻrtasida jahon chempionatida, 1989-yilda Yevropa chempionatida, 1999-yilda shaxmat boʻyicha jahon ochiq chempionatida gʻolib chiqqan. Bundan tashqari, Grigoriy Serper 1992-yilda Oʻzbekiston terma jamoasi tarkibida Shaxmat olimpiadasida kumush medalni qoʻlga kiritgan. 1996-yildan beri vatandoshimiz AQSHda yashaydi va yoshlarga shaxmat sirlarini oʻrgatib kelmoqda. U Amerika shaxmat federatsiyasi aʼzosi hisoblanadi.

Maqolada yaqinda Isroilda boʻlib oʻtgan FIDE jamoaviy jahon chempionatida Oʻzbekiston shaxmatchilari faxrli ikkinchi oʻrinni egallagani qayd etilgan. Muallifning taʼkidlashicha, Xitoy shaxmat boʻyicha oʻzining ulkan salohiyatini yana bir bor namoyish etdi. Ammo Oʻzbekiston bu voqeaning yana bir qahramoni boʻldi. Ushbu muvaffaqiyat bilan Olimpiada chempionlari jahon shaxmat elitasidagi oʻz mavqeini yanada mustahkamladi.

“Bundan roppa-rosa yetti yil avval, 2015-yil men ushbu saytda quyidagi tahlillarimni eʼlon qilgan edim: Bugun men Oʻzbekistonda Nodirbek Abdusattorov, Shamsiddin Vohidov, Javohir Sindorov va boshqa yangi isteʼdodlar yetishib chiqayotganini koʻrib turibman. Kelajakda shaxmat boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi jahon shaxmat oilasini yana lol qoldirsa hayron boʻlmang”, deb yozadi muallif maqolasida.

Grigoriy Serperning qayd etishicha, oʻzbekistonlik grossmeysterlar oʻz oʻyinlarida raqib xatolaridan unumli foydalanish orqali oʻzbek zaminiga xos boʻlgan mumtoz usulda dona surmoqda. Shu oʻrinda muallif bugungi kunda oʻziga xos uslubga ega boʻlgan isteʼdodli yosh oʻzbek shaxmatchilari katta muvaffaqiyatlarga erishayotganini taʼkidlagan.

“Sizni yana bir ajoyib yosh shaxmatchi bilan tanishtirmoqchiman. Men grossmeyster Nodirbek Yoqubboyev haqida gapiryapman. Koʻpchilik boshqa mashhur Nodirbekni Abdusattorovni biladi, ammo Yoqubboyevda jahon grossmeysteri boʻlish uchun hamma jihat bor. Uning uslubi mumtoz! Nodirbekning soʻnggi ikki oʻyini menda katta taassurot qoldirdi”, deydi muallif.

“Ishonchim komilki, hatto Akiba Rubinshteyn (shaxmat boʻyicha eng buyuk strateglaridan biri) yoki Xose Raul Kapablanka (shaxmat boʻyicha uchinchi jahon chempioni) kabi afsonaviy shaxmatchilar ham bunday oʻyin koʻrsatishdan faxrlangan boʻlardi. Sababi oddiy: Rubinshteyn yoki Kapablankaning aksariyat raqiblari bu gigantlardan ancha kuchsizroq boʻlgan, oʻyinlar esa bir yoqlama edi. Ayni paytda Yoqubboyevning raqiblaridan biri, grossmeyster Yevgeniy Tomashevskiy bir paytlar dunyo reytingida 13-oʻrinni egallab turgan edi”.

Grigoriy Serper maqolasi yakunida “Agar siz oʻsishni xohlayotgan yangi shaxmatchi boʻlsangiz, oʻzbek grossmeysterlari tomonidan yaratilgan mumtoz usul va zamonaviy shaxmat klassikasini oʻrganing”, deb taʼkidlaydi.

Eslatib oʻtamiz: chess.com veb-sayti shaxmatni onlayn oʻrganish va dona surish uchun shaxmat ijtimoiy tarmogʻiga egalik qiluvchi shu nomdagi kompaniya tomonidan 2007-yilda tashkil etilgan. Kompaniya AQSHda joylashgan, 35 mamlakatda 400 nafardan ortiq xodimlarga ega. Bugungi kunda ushbu onlayn maydonchada 100 millionga yaqin grossmeyster va shaxmat ishqibozlari har kuni bir-birlari bilan muloqot qiladi, oʻzaro fikr almashadi, mashhur grossmeysterlarning oʻyinlarini tahlil etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер