Chegara ortidagi Vatan

16:01 11 Aprel 2025 Jamiyat
319 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Inson qalbida Vatanni anglash tuygʻusi qachondan boshlanadi? Aytaylik, taqdir taqozosiga koʻra, bir muddat Vatandan olisda yashashga toʻgʻri kelsa, biror yumush bilan vaqtincha xorijga chiqqanda qalbingizda bir kemtiklik paydo boʻladi. Eng zamonaviy va qulay sharoitlar boʻlishi mumkin, lekin hayotingiz sogʻinchlarga aylanadi.

Ana shunday iztiroblar bilan yashab, ota yurtga qaytayotganda, butun vujudingizni oʻzgacha his-hayajon qamrab oladi. Chegaraning u tomonidagi qadrdon maskanni koʻzingizga toʻtiyo qilgingiz keladi. Koʻzingizning oq-u qorasi, suyangan togʻingiz, ishongan bogʻingiz bagʻrida erkin, toʻyib-toʻyib nafas olasiz. Qalbingizdan Vatan, Vatanjon degan hayqiriq otilib chiqadi.

Aytish joiz, bugungi kunda Fargʻona viloyatida 82 ta chegara oldi mahalla fuqarolar yigʻini boʻlib, ularning 66 tasi Qirgʻiziston, 16 tasi Tojikiston Respublikasi bilan chegara hududida joylashgan. Bu mahallalarning 14 tasida 75 ming nafar qirgʻiz, 38 tasida esa 220 ming nafardan ortiq tojik millatiga mansub hamyurtlarimiz istiqomat qiladi.

Agar taʼbir joiz boʻlsa, taqdiri ikki yurt bilan chambarchas bogʻlangan bunday hamyurtlarimiz oʻn yillar mobaynida shirin diydor umidi, ogʻriqlari bilan yashadi. Yaxshiki, keyingi yillarda bu boradagi vaziyat ijobiy tomonga oʻzgardi – oʻrtadagi begonalik tuygʻusi yoʻqoldi, devorlar olib tashlandi...

Beshariq tumanining “Andarxon” MFY qoʻshni Tojikistonning Konibodom tumaniga qarashli Patar, Yakkaterak qishloqlariga chegaradosh hududda joylashgan. Asrlar mobaynida bozori, mozori bir boʻlgan, bitta ariqdan suv ichgan. Chegaraning ikki tomonidagi oʻzbek va tojik bitta daraxtning ikki yaprogʻidek boʻlib, quda-anda, ogʻa-ini sifatida umrguzaronlik qiladi.

Mahalla raisi Saidali Boboqulovning aytishicha, 6 ming nafarga yaqin aholi yashaydigan Andarxonda yaqin oʻtmishning achchiq xotiralarini hamon koʻzda yosh bilan eslaydiganlar koʻpchilikni tashkil etadi. Konibodomdan Andarxonga kelin boʻlib tushgan Mahbuba Hamroqulova farzandlari ulgʻayib, nabirali boʻladigan yoshda Oʻzbekiston fuqaroligiga qabul qilindi.

— Shu kunni juda uzoq kutdim, — deydi Mahbuba opa. — Chunki doimiy fuqaroligim yoʻqligi uchun chegaradan oʻtolmay, 15 yilga yaqin vaqt mobaynida yaqinlarimni koʻrolmadim. Eh-he, sogʻinchdan kechalari yigʻlab chiqqan kunlarimni sanab adogʻiga yetish qiyin...

Andarxonda tugʻilib oʻsgan Musharraf Yusupova Konibodomning Koʻchki qishlogʻiga kelin boʻlib, 4 farzandni ulgʻaytirdi. Musharraf opaga ham Vatan sogʻinchi begona emas. Endi barchasi ortda qolganidan u juda ham mamnun. Yaqinda turmush oʻrtogʻi bilan Oʻzbekiston orqali muborak haj ziyoratiga borib keldi.

— Yaqinda hisoblab koʻrsam, qoʻshni Konibodomdan Andarxonga men kabi 24 nafar qizlar kelin boʻlib tushgan ekan, — deya suhbatimizni davom ettiradi mehnat faxriysi Qumrijon Nasriddinova. — Barchamiz shu yerda ildiz otib, baxtimizni topganmiz. Hozirda 4 nafar farzandlarim ardogʻida yashayman. Konibodomda ham, Andarxonda ham odamlarning asosiy tirikchilik manbai bogʻdorchilik, qovun yetishtirish hisoblanadi.

Quvasoy shahrining “Nayman” mahalla fuqarolar yigʻinida asosan qirgʻiz millatiga mansub qardoshlarimiz yashaydi. 75 yoshli Aminjon Yoqubov koʻp yillar shifokor boʻlib ishladi, 10 yil mahallaga rais boʻldi. Hozirgi kunda mahalla nuroniylari kengashiga rahbar. Turmush oʻrtogʻi Maxsudaxon Yunusova faxriy pedagog. Ziyolilar oilasi Naymanning faxri.

— Qariyb 15 yil balandroq ovozda chaqirsangiz eshitadigan, nari borsa bir ariq naridagi Qirgʻizistonning Qizilqiya tumanida yashaydigan aka-uka, amma, xola, togʻalarimni koʻrolmadim, — deydi Aminjon ota. —Hatto ukam vafot etganida, vaqtida taʼziyasiga yetib borolmay, diydor qiyomatga qoldi. Bugun toʻy yoki maʼrakaga hech bir qiyinchiliksiz borib kelmoqdamiz. Baʼzan dam olish kunlari mashinamda nabiralarimni Qizilqiyaga olib borib, sayr qildirib kelaman.

Qizlarimizdan birini Qozogʻistonga kelin qilib uzatganmiz. Chegara masalasida hech bir qiyinchilik yoʻq. Shu tarzda oilamiz taqdiri uch davlat chegarasi bilan chambarchas bogʻlangan. Yaqinda Xoʻjandda uch qardosh yurt Prezidentlari ishtirokida oʻtkazilgan tadbirlarni kuzatib, barcha hamyurtlarimiz qatori behad quvondik.

Fargʻona tumanining “Ulugʻbek” MFY hududida yashovchi Toʻtixon Rahimova uch qizning onasi. Ikkinchi qizi Raʼnoxonni qardosh Qirgʻizistonning chegara hududdagi Xalmiyon qishlogʻiga kelin qilib uzatgan. Hozirda Raʼnoxonning 2 qizi va 1 oʻgʻli bor.

— Eshik tiq etsa, koʻchaga yugurib, koʻzim bolajonimning yoʻlida intizor edi, — deydi Toʻtixon aya. — Chegara bilan bogʻliq muammolardan qalbimiz zada boʻlib, hamisha hadik va xavotirda yashaganmiz. Shukrki, endilikda mushkulimiz oson, yoʻllarimiz yaqin boʻldi. Dorilamon kunlarimizga aslo koʻz tegmasin deymiz!

Bu qardoshlik oilasidagi tutash taqdirlar. Chegaraning ikki tomonida orzu-maqsadlari mushtarak, etu tirnoq boʻlib yashayotgan oilalar. Oʻzaro hamfikr va hammaslak boʻlgan qadrdonlar. Turli tilda soʻzlashuvchi bitta xalq.

Chegaraning ortidagi Vatan! Qon-qardoshlarga bagʻrikeng, saxiy quchogʻingda yayrab-yashnab yashash baxti boqiy boʻlaversin, Vatanjon!..

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер