Chavandozlar Surxondaryo viloyati hokimi sovrini uchun bahslashdi

Angor tumanidagi Qoraqir kengliklarida Surxondaryo viloyati hokimi sovrini uchun koʻpkari musobaqasi boʻlib oʻtdi. Unda viloyatning tumanlari hamda qoʻshni viloyatlardan kelgan yuzlab chavandoz-polvonlar ishtirok etdi. Qizgʻin koʻpkari jarayonlarini minglab ishqibozlar bevosita kuzatib, olqishlar bilan qarshiladilar.
Alpomishlar yurti Surxon vohasida toʻy-tantanalar aksariyat holda koʻpkari musobaqasiz oʻtmaydi. Chavandozlik esa tabiiyki, katta mahoratni talab etadi. Chavandoz uchun nafaqat yaxshi ot, bilak kuchi va ulkan tajriba kerak. Ot uchqur boʻlsayu, chapdastlik yetishmasa, gʻolib chiqish imkonsiz.
— Mana necha yillardan buyon ot choptiraman, — deydi shoʻrchilik Odil chavandoz. — Koʻpkari umrimning mazmuniga aylangan. Bolaligimdan uyimizda ot boʻlgan. Shu tufayli otga mehr qoʻyib ulgʻaydim. Oʻtgan yillar davomida chavandozlik boʻyicha tajriba, mahoratim oshdi. El orasida «Odil chobogʻon» nomi bilan tanildim. Bugungi koʻpkarida ham uloqni ayirib, sovrindor boʻldim. Ishqibozlar olqishi ayniqsa meni ruhlantirdi.
Koʻpkari musobaqasi bilan birga harbiy texnika va qurol-aslahalar, harbiy xizmatchilarning koʻrgazmali jangovar chiqishlari, turli sport musobaqalari shuningdek, konsert dasturlari ham namoyish etildi.
Mohir chavandozlar ishtirokidagi bahslar kutilganidek, murosasiz kechdi. Koʻpkarida birinchi sovrin — ot qiziriqlik Bobosh chavandozga, ikkinchi ot shoʻrchilik Odil chobogʻonga, tuya qiziriqlik Shahboz polvonga nasib etdi. Oltinsoylik Dilmurod polvon, shoʻrchilik Sherzod chobogʻon va boshqa yana koʻplab mohir chavandozlar ham pul mukofoti va qimmatbaho sovrinlar bilan taqdirlandi.
Taqdirlash marosimida Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov ishtirok etdi.
Ilhom Rahmatov,
“Xalq soʻzi” muxbiri.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Kun fotosi: Qashqadaryo viloyat hokimi Zoyir Mirzayev kelin-kuyovga elektr choynak sovg'a qildi
- Ikkalang ham noinsofsan! — Prezident Namangan shahar hokimi va prokuroriga qattiq tanbeh berdi
- Kun fotosi: Namangan viloyati hokimining vaqtinchalik uyi deyarli tayyor boʻldi
- “Xalq soʻzi” tanlovida ishtirok eting va tahririyatning qimmatbaho sovgʻasini qoʻlga kiriting!
- Gʻaniyev taqdimot vaqtida qiyinchilikka duch keldi, Prezident uning rejalaridan qoniqmadi
- Facebook 7 million yevro jarimaga tortildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring