Chashmai Ayyub xazirasi konservatsiya qilinadimi?

Foto: Xalq so‘zi
Buxoro viloyati markazi va koʻplab qishloqlarida necha yuz yillik tarixga ega qadimiy obidalar borligi yaxshi maʼlum. Vobkent tumani Xayrobod qishlogʻidagi «Chashmai Ayyub» xazirasi ana shunday madaniy meros obyektlaridan sanaladi.
«Chashmai Ayyub» jomeʼ masjidi imom – xatibi Amon Rahimovning taʼkidlashicha, bu yerda hadis ilmining bilimdoni, qator asarlar muallifi Abu Saʼd al–Xarjushining qabri bor. U 1017-yilda vafot qilgan va Xayrobod qishlogʻidagi qabristonga dafn etilgan.
Shundan keyin oradan 191-yil oʻtib muhaddis olimning qabri ustida xazira quriladi. Hozirgi vaqtda shu inshootning darvoza qismi saqlanib qolgan. Meʼmoriy yodgorlikning kiraverish qismi peshtoqiga uzunligi 3,60 metr, eni esa 0,51 santimetr boʻlgan boʻrtma arabiy bitiklar bilan Paygʻambarimizning «Avvallari men sizlarni qabrlarni ziyorat qilishdan qaytargan edim, endi esa ziyorat qilaveringlar», degan hadislari yozilgan.
— Qurʼoni karimda Ayyub alayhissalom sabr-bardoshli paygʻambar sifatida zikr qilinadi, — deydi imom-xatib. — Ayyub alayhissalomning sabr – toqatiga hurmati balandligidan xalqimiz u kishining nomlariga masjidlar barpo qilishgan. Bu yerda shuningdek, ikkita tosh quduq (chashma) bor.
Xaziraning «Ipak yoʻli: Zarafshon – Qoraqum koridori» yoʻnalishi boʻyicha Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritishga nomzod obyektlardan biri ekani ham koʻp narsani anglatadi. Darvoqe, YUNESKOning Yodgorlik va diqqatga sazovor joylar boʻyicha xalqaro kengashi (IKOMOS) eksperti boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari bu yodgorlikni atroflicha oʻrganishgan edi. Bu bejiz emas. Xazira XIII asrda barpo etilgan. Betakror koshinlar, gʻishtlar bilan oʻziga xos tarzda zeb berilgani bois u oʻzidan keyin qurilgan meʼmoriy obidalarga andoza vazifasini oʻtagan. Yana bir jihati, xaziraning bizgacha yetib kelgan darvoza qismi asl holicha turgani, yaʼni keyinchalik taʼmirlanmaganidir.
— Aynan shu xazirani oʻz koʻzi bilan tomosha qilgani Kanada hamda Yevropa davlatlaridan sayyohlar kelganiga guvohman, — deydi shu qishloqlik mehnat faxriysi Davlat Sayfullayev.— Men shu yerda savob yoʻliga obodonchilik ishlarini bajaraman. Quduq ostida chamasi yetti – sakkizta chashma koʻzi bor. Ularni top – toza paxta bilan berkitib, quduq ichini tozalagan paytlarim boʻlgan. Suvini shifobaxsh deb eshitganman.
Biz suhbatlashgan kishilarning barchasi shunday qadimiy yodgorlikning oʻta taʼmirtalab ahvoldaligidan taajjubda ekanliklarini bildirishdi. Negaki, yodgorlik yonida uning davlat muhofazasida ekanligi haqidagi yozuv bor. Ayrimlar esa bu xazira kimning sharafiga barpo etilganidan ham bexabar. Binobarin, vobkentliklarni shunday ulugʻ ajdodlari borligidan atroflicha voqif qilish foydadan xoli emas.
Biz oʻz navbatida Buxoro viloyat madaniy meros boshqarmasi boshligʻi Shohabbos Sharofiddinov eʼtiborini xaziraning zabun holiga qaratdik.
— Bu xazira YUNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritishga nomzod obyekt sanaladi, — deydi u. — Biz zarur hujjatlarni taqdim qilganmiz. Mazkur masala YUNESKOning Yodgorlik va diqqatga sazovor joylar boʻyicha xalqaro kengashi (IKOMOS) eʼtiborida turibdi. Bu vaqt bilan bogʻliq jarayon. Xalqaro tashkilotning yakuniy qarorini kuayapmiz. Unga qadar bu tarixiy obidani taʼmirlash tugul bitta gʻishtiga teginishga ham hech kimning haqqi yoʻq. Xazirani konservatsiya qilish yuzasidan takliflarimizni ham berganmiz. Maqsad uning asl holatini saqlab qolishdan iborat. Shu niyatda qor, yomgʻir taʼsiridan muhofaza etish uchun xazira tepasiga yopingʻich oʻrnatish taklifi ham oʻrtaga tashlangan. Bu jahon tajribasida bor. Hozir esa YUNESKOning yakuniy qarorini kutmoqdan boʻlak iloj yoʻq.
Maʼlumot tariqasida aytish joizki, konservatsiya meʼmoriy inshootning qiyofasini, tashqi taʼsirlarga chidamliligini uzoq muddatga saqlash imkonini beradi. Unga muvofiq, obidaning asosi mustahkamlanadi. Himoya qurilmasi barpo etilishi ham mumkin.
Istam IBROHIMOV, «Xalq soʻzi».
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- JSST yangi halokatli pandemiyaga tayyorlanishga chaqirdi
- 2024 yildan yangi uy sotib olganlarga QQSning yarmi qaytarib beriladi
- O‘zbekiston Prezidenti va Singapur Prezidenti muzokara o‘tkazdilar
- Shavkat Mirziyoyevning Chilonzor tumaniga tashrifidan fotoreportaj
- O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan muhim tashabbuslarni ilgari surdi
- Buxoroda Kushon davriga oid devor qoldiqlari topildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring