Charlz III 32 000 ga yaqin oqqushlar va nomaʼlum sondagi delfinlar, kitlar hamda baliqlarni meros sifatida qabul qilib oldi

22:06 12 Sentyabr 2022 Dunyo
895 0

Arxiv surat

Charlz III Yelizaveta IIning oʻlimidan keyin uning koʻp milliard dollarlik mulkini meros qilib oldi.

Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya qirolichasi Yelizaveta II vafotidan soʻng, yangi qirol Charlz III uning koʻp milliard dollarlik mulkiga merosxoʻr boʻldi. Ushbu meros tarixiy mulklar va minglab dengiz jonivorlarini ham oʻz ichiga olgan. Bu haqda CBS News xabar bermoqda.

Yelizaveta IIning shaxsiy boyligi kamida 370 million funt sterlingga baholanmoqda. Xususan, u sanʼat asarlari, zargarlik buyumlari, koʻchmas mulk va qimmatli qogʻozlarga ega edi. Charlz III ularning koʻpchiligini meros qilib oldi.

Yangi qirol, shuningdek, 34,3 milliard dollarlik aktivlar va koʻchmas mulkni, jumladan Bukingem saroyi, Kensington saroyini, shuningdek, London va Buyuk Britaniyaning turli mintaqalaridagi yer va mulkni oʻz ichiga olgan qirollik xoldinglarini ham nazorat qiladi. Ular keltirgan daromadning kamida 15 foizi qirollik oilasiga tushadi.

Lankaster va Kornuol gersogliklari qirolning mulki hisoblanadi. Rasmiy ravishda u butun dunyo boʻylab sayyohlar koʻrish uchun kelgan tijorat koʻchmas mulki va qadimiy qalʼalar xarobalari bilan birga butun aholi punktlariga egalik qiladi. 2019-yilda Lankaster qirolichaga 20 million funt sterling daromad olib keldi va shahzoda Charlzga esa Kornuoll xuddi shuncha pul keltirdi.

"Business Insider«ning yozishicha, Charlz III Lankaster gersogligi uchun soliq toʻlashdan qochadi, bu 750 million dollardan oshishi mumkin. U 1993-yilda Buyuk Britaniya hukumati tomonidan kiritilgan, aktivlarni bir suverendan ikkinchisiga oʻtkazishga ruxsat beruvchi qoida tufayli pulni oʻzida saqlab qolishi mumkin boʻladi.

Nashr maʼlumotlariga koʻra, yangi qirol, shuningdek, Britaniyada yashovchi 32 000 ga yaqin oqqushlar va nomaʼlum sondagi delfinlar, kitlar va baliqlarni ham meros qilib olgan.

Britaniya oqqushlari XII asrdan beri monarxning mulki hisoblangan. Shu tarzda ularni brakonyerlardan himoya qilishga harakat qilingan. 1324-yilda kitlar va delfinlar ham qirollik mulkiga aylandi. Bugungi kunda ham amalda boʻlgan qonunga koʻra, Charlz III Britaniya orollaridan besh kilometr uzoqlikda qolib ketgan yoki tutilgan har qanday kit yoki delfinni oʻzlashtirish huquqiga ega.

2017-yilda Britaniya qirollik oilasi brendi taxminan 67 milliard funtga baholangan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?