Byudjet ochiqligi tartibiga rioya etmagan mansabdorlarga jarima miqdorini oshirish zarur — OʻzXDP fraksiyasi

20:19 30 Noyabr 2020 Siyosat
235 0

Xalq demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ikkinchi oʻqishda muhokamadan oʻtkazdi.

Dastlabki muhokamada aholi turmush darajasini oshirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, aholi bandligi va daromadlari oʻsishini taʼminlash, ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy himoya qilish 2021-yilda davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari sifatida belgilanayotgani hisobga olinib, fraksiya aʼzolari bunday siyosatni qoʻllab-quvvatlashlarini maʼlum qilgan edi.

Buning uchun aniq, shu bilan birga, partiya elektorati manfaatlariga xizmat qiladigan asoslar, raqamlar bor. Xususan, 2021-yilda Davlat byudjetining ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash xarajatlariga jami 86 trln. 379 mlrd. soʻm, 2020-yilgi tasdiqlangan parametrlarga nisbatan 15 foiz koʻp rejalashtirilmoqda. Fraksiya aʼzolari bu pandemiya davrida moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan, daromadidan vaqtincha ayrilgan oilalarni ijtimoiy tang ahvolga tushib qolishdan himoyalashda dolzarb ahamiyat kasb etishini alohida taʼkidlashdi.

Fraksiya aʼzolari xalq taʼlimi, dori-darmon xarajatlarini aniq koʻrsatish, byudjet ijrosi shaffofligini taʼminlash boʻyicha bergan takliflarning aksariyati hisobga olingani qayd etildi.

Shu bilan birga, deputatlar mamlakatda ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash uchun katta mablagʻlar yoʻnaltirilayotgan paytda byudjet intizomini qatʼiylashtirish, ochiqlikni taʼminlash tartibiga amal qilish zarurligini taʼkidlashdi.

Chunki, Davlat byudjeti ijrosi haqidagi maʼlumotlar ochiqlanmasa, vazirlik, hokimliklarning rasmiy saytlariga joylashtirilmasa, jamoatchilik va deputatlik nazoratini kuchaytirish qiyin boʻladi. Shaffoflik tartibiga amal qilmasdan, byudjet mablagʻlari toʻgʻri va samarali sarflanishini taʼminlash mumkin emas. Bu masalada dunyo yurgan yoʻldan yurishimiz kerak, deyishdi deputatlar.

Ammo hukumat byudjet ijrosi boʻyicha shaffoflikni taʼminlab bera olmayapti. Joriy yilda 58 vazirlik va idoralardan 33 tasi byudjet ijrosi boʻyicha hisobotlarni oʻz saytlariga umuman joylashtirmay, 2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun bilan belgilangan talabni bajarmagan. 200 ga yaqin tuman-shahar hokimiyat organlaridan esa hech biri 2020-yil byudjet ijrosi boʻyicha hisobotlarni veb-saytlariga joylashtirmagan.

Fraksiya aʼzolari bunday holat bilan umuman murosa qilib boʻlmasligini, byudjet shaffofligi boʻyicha mansabdorlarga jazo choralarini kuchaytirish shart, degan qatʼiy fikr bildirishdi.

Shu asosda “Byudjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasiga fraksiya taklifi tayyorlandi.

Hukumat kiritgan mazkur qonun loyihasiga koʻra, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga (1757-modda) byudjet jarayonining ochiqligini taʼminlash tartibini buzgan mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorda jarima solishga sabab boʻlishi belgilanmoqda.

OʻzXDP fraksiyasi aʼzolari gap Davlat byudjeti ijrosi, millionlab fuqarolar huquqlari haqida ketganda, bunday jarima mansabdorlarga juda yengil jazo boʻladi, degan qatʼiy fikrni bildirishdi. Bu esa byudjet mablagʻlari ishlatilishida shaffoflik va ochiqlikni taʼminlashga xizmat qilmaydi, aksincha, byudjet mablagʻlarining ishlatilishi ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish imkoniyatlarini yoʻqqa chiqaradi. Natijada byudjet ijrosida kamchiliklar, suisteʼmolchilik va korrupsiya holatlariga yoʻl ochiq boʻlib qolaveradi.

Shuning uchun OʻzXDP fraksiyasi aʼzolari byudjet jarayonining ochiqligini taʼminlash tartibini buzayotgan mansabdorlarga jazoni ogʻirlashtirishni taklif etishdi.

Xususan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga byudjet jarayonining ochiqligini taʼminlash tartibini buzgan mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima belgilash, xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining oʻn baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima qoʻllash taklif qilindi.

Yigʻilishda boshqa bir qator qonun loyihalari partiya dasturiy maqsadlaridan kelib chiqib, muhokama etildi va tegishli takliflar bildirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?