Buyuk Britaniya olimlari ob-havoga moslashuvchan “aqlli” mato yaratishdi

22:36 22 Iyun 2020 Dunyo
797 0

Foto: esgroup.uz

Buyuk Britaniyaning Manchester universiteti olimlari sovuqda isitib, issiqda esa salqin qila oladigan grafen (kristall panjarasi “asalari uyasi“ shaklidagi geksagonal tuzilishga ega uglerod (C) atomlaridan tashkil topgan bir atom qalinligidagi ikki oʻlchamli material)ga asoslangan “aqlli” mato yaratishdi.

Universitet veb-saytida eʼlon qilingan xabarga koʻra, mutaxassislar tomonidan grafen asosida yaratilgan maxsus mato zaif elektr tokini qoʻllashda infraqizil nurlanishning oʻtkazuvchanligini oʻzgartirish xususiyatiga ega boʻlib, olimlar bundan amaliy maqsadlarda foydalanishga qaror qilishgan.

Maʼlumotlarga koʻra, “aqlli” mato infraqizil nurlanishni toʻsadi yoki uning erkin oʻtishiga imkon beradi.

Qayd etilishicha, dastlab ushbu texnologiya doirasida odamni issiqlik taʼsiridan yashira oladigan kamuflyaj kiyimlarni yaratish rejalashtirilgan edi. Ammo mato issiqlikni oʻzidan uzoqlashtirish oʻrniga, uni oʻzida toʻplay boshlagan. Natijada olimlar qarama-qarshi haroratda oʻzini teng darajada namoyish etadigan kiyimlar yaratishga qaror qilishgan.

Allaqachon matoning tanani sovitish va isitish qobiliyatini namoyish etadigan futbolka prototipini tayyorlagan olimlar endilikda ushbu texnologiya asosida kosmik sunʼiy yoʻldoshlar uchun qoplama ishlab chiqishni rejalashtirishmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?