Bunyodkorlik falsafasi

09:54 23 Avgust 2021 Jamiyat
257 0

Yangilanishlar, eng avvalo, tafakkurdan boshlanishi shart! Xalq dunyoqarashi oʻzgarishi — islohotlarning asl debochasi. Ongi, yuragi, ruhi uygʻoq odamlardan esa chinakam fidoyilik, tashabbuskorlik va yaratuvchanlikni kutish mumkin. Bunyodkorlik falsafasining asl mohiyati ham shu.

Prezidentimiz yaqinda matbuotga bergan intervyusida bu haqda toʻxtalar ekan, maʼnaviy uygʻoq jamiyatni qudratli kuchga qiyos etdi. Quvonarli jihati, bugun odamlar uygʻonmoqda, jamiyat uygʻonmoqda.

Mana, islohotlarning yangi davriga qadam qoʻyganimizga hademay besh yil toʻladi. Shu oʻtgan davrda nimalarga erishdik, nimalarga ulgurolmadik, kelajakda yana qanday ishlarni amalga oshirishimiz kerak, degan savollar bugun har bir ijtimoiy faol yurtdoshimizning koʻnglidan, xayolidan oʻtayotganiga shubha yoʻq!

Bizga kuchli kadrlar kerak!

Yurt taraqqiyotiga daxldor strategik vazifalarni roʻyobga chiqarish uchun kuchli mutaxassislar kerak. Chunki murakkab davr muammolarini eskicha fikrlaydigan, eski uslubda ishlovchi byurokratik kadrlar bilan hal etib boʻlmasdi. Shu bois Oʻzbekistonda xorijdan vatandoshlarimiz va yetuk mutaxassislarni jalb etish tajribasi keng qoʻllanildi. Vazirlik va idoralarga AQSH, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Yevropaning nufuzli oliy oʻquv yurtlarida tahsil olgan va yaxshi ish tajribasiga ega 35-40 yoshdagi kadrlar tayinlanishi bu borada dadil qadam boʻldi. Ayni maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida yagona davlat kadrlar siyosatini amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan ixtisoslashtirilgan organ ham tashkil etildi.

Shu tariqa kadrlar faoliyati samaradorligini baholashning zamonaviy uslublari joriy qilindi. Binobarin, davlat xizmatchilari mehnatiga haq toʻlash va ijtimoiy taʼminotining zamonaviy tizimi yaratildi. Bu davlat xizmati jozibadorligini oshirish, korrupsiyaning yuzaga kelish xavfi va mansab suiisteʼmolchiligini kamaytirish imkonini berishi bilan ahamiyatlidir. Mahalliy boshqaruv tizimini modernizatsiyalash, demokratik islohotlarni amalga oshirishda, avvalo, ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining shaffofligi va ochiqligini taʼminlash asosiy vazifaga aylandi.

Shu oʻrinda BMT Taraqqiyot dasturi loyihasi doirasida 2017-yilda yozilgan bir tadqiqotimiz haqida toʻxtalib oʻtsam. Unda davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati ochiqligini taʼminlash mexanizmlarini ochib bergandik. Oʻshanda bu koʻrsatkich bor-yoʻgʻi 30-35 foizni tashkil etgan boʻlsa, joriy yilda u 80-85 foizga yetib qoldi. Demak, boshqaruv organlari zamon talabiga javob berishga intilmoqda. Qisqa vaqt ichida davlat va biznes tuzilmalarning jamoatchilik bilan taʼsir aloqalari shakllandi, ijro hokimiyati organlarida amalga oshirilgan ishlar va yakuniy natijalar oʻrtasida farq miqdori oshdi. Ijro hokimiyati organlari funksiyalari koʻpayib borayotgani sababli bu koʻptarmoqli faoliyatni qamrab olish imkonini beradigan elektron, onlayn tizimlar vujudga keldi.

BMT bosh minbaridan yangragan haqiqatlar

Markaziy Osiyo — muhim geosiyosiy nuqtada joylashgan mintaqa. Oʻzbekiston esa xorijiy va qoʻshni mamlakatlar bilan olib borayotgan ochiq, konstruktiv, oʻzaro manfaatli tashqi siyosati bilan ana shu mintaqa hayotidagi tub oʻzgarishlarga sabab boʻldi. Natijada nafaqat madaniy-maʼrifiy aloqalarimiz, doʻstona munosabatlarimiz tiklandi, balki iqtisodiy-siyosiy sohalarda ham hamkorligimiz mustahkamlandi.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbari 2017-yil 19-sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi tarixiy nutqida jamiyatimizda siyosiy faollik ortib borayotgani, barcha jabhada chuqur islohotlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi. Bu orqali butun dunyo Oʻzbekiston demokratik davlat va adolatli jamiyat barpo etishga kirishganiga ishonch hosil qildi. Oʻz navbatida, joylarda Prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalari tashkil etilishi, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrilganini jahon afkor ommasi mamnuniyat bilan qabul qildi. Xorijga chiqish vizalari bekor qilinib, inson huquqlarini himoya qilish masalasi boʻyicha milliy va xalqaro nodavlat tashkilotlar bilan ochiq muloqot faollashib borayotgani ham shular jumlasidan. Ekstremizm gʻoyalari taʼsiriga tushib qolgan, adashgan fuqarolar ijtimoiy reabilitatsiya qilinishi bagʻrikenglik siyosati, OAVning oʻrni sezilarli darajada oshayotgani esa soʻz erkinligi taʼminlanishi yoʻlidagi ezgu saʼy-harakatlar sifatida baholandi. Jahon ommasiga Oʻzbekiston iqtisodiyotida oʻzgarish yasagan axborot sifatida 2017-yil 1-sentyabridan milliy valyutani erkin konvertatsiya qilish tizimiga toʻliq oʻtilgani maʼlum qilindi. Bular islohotlar jarayoni jadallashganidan darak berardi.

Har tashabbus ortida xalq dardi bor!

Islohotlarga gʻoya va tashabbuslar turtki boʻladi. Yurtboshimiz esa besh yillik faoliyati davomida bir qator muhim tashabbuslar bilan chiqdi. Markaziy Osiyoda oʻzaro muloqot, amaliy hamkorlik va yaxshi qoʻshnichilikni mustahkamlash — shulardan birinchisi. Ikkinchisi Orol dengizining qurishi bilan bogʻliq oqibatlarni bartaraf etish masalasida oʻz aksini topdi. Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish — toʻrtinchi muhim tashabbus. Eʼtiborlisi, mazkur global muammolar yechimiga chaqiriq BMT tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

Oʻzbekiston rahbari koʻtargan dolzarb masalalardan yana biri dunyoda terrorizm tahdidlari kuchayib borayotgan pallada yoshlarning ongu tafakkurini maʼrifat asosida shakllantirish va tarbiyalash eng muhim vazifaga aylanishi kerak, degan fikr edi. “Ekstremistik faoliyat va zoʻravonlik bilan bogʻliq jinoyatlarning aksariyati 30 yoshga yetmagan yoshlar tomonidan sodir etilmoqda. Bugungi dunyo yoshlari soni jihatidan butun insoniyat tarixidagi eng yirik avloddir, chunki ular 2 milliard kishini tashkil etadi. Bizning asosiy vazifamiz yoshlarning oʻz salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zoʻravonlik gʻoyasi «virusi” tarqalishining oldini olishdir, — dedi Prezidentimiz. — Buning uchun yosh avlodni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasidagi koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirish lozim». Shu munosabat bilan xalqaro huquqiy hujjat — BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish taklif etildi.

Davlatimiz rahbari Sh. Mirziyoyevning yana bir tashabbusi Samarqand shahrida Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish barobarida, sessiya ishtirokchilariga BMT Bosh Assambleyasining “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish taklifi edi. Bu hujjatlarning asosiy maqsadi barchaning taʼlim olish huquqini taʼminlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga koʻmaklashishdan iborat. Bular hammasi jamiyatni modernizatsiyalash, isloh etish jarayonida xalqaro mezonlarga dadil oʻtilayotganidan dalolat beradi.

Imkoniyatni yaqinimizdan izlaylik!

Bugungi tashqi siyosatda Markaziy Osiyoga ustuvorlik berilayotganini ilgʻash mushkul emas. Bu — har tomonlama chuqur oʻylab tanlangan yoʻl, deb hisoblaymiz. Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan Oʻzbekiston ushbu mintaqa barqarorlik, izchil taraqqiyot va yaxshi qoʻshnichilik hududiga aylanishi tarafdori va tashabbuskori. Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarini oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi amalga oshdi. Ushbu muloqotning birinchisi 2018-yil 15-mart kuni Qozogʻiston poytaxti Ostona shahrida boʻlib oʻtdi. Ikkinchisi 2019-yil 29-noyabr kuni Toshkent shahrida oʻtkazildi. Ammo koronavirus pandemiyasi avj olishi tufayli 2020-yilgi uchrashuv ortga surilib, 2021-yil 6-avgust kuni Turkmanistonning «Avaza» milliy turizm zonasida tashkil etildi. “Xalq diplomatiyasi” imkoniyatlarini koʻproq ishga solish, parlamentlar va media sohani jalb qilish gʻoyat muhimdir», dedi anjumandagi nutqida Prezidentimiz.

Ha, Oʻzbekistonning turli qitʼalardagi koʻplab mamlakatlar va davlat uyushmalari bilan munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi. Bu borada islohotlar ham amalga oshirildi. Jumladan, bojxona toʻlovlari stavkalari ikki barobar kamaytirildi, 3 ming 550 ta mahsulot nomlari va 1 ming 122 turdagi mahsulotlar aksiz soligʻiga import bojlarining nol stavkalari qoʻllanildi. 2016-2020-yillarda barcha manbalar hisobidan asosiy kapitalga jami 89 mlrd. dollarlik investitsiya kiritildi, ulardan 19,5 mlrd. dollari toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya va kreditlardir. Shuningdek, 2016-2020-yillarda respublikaning umumiy eksporti 72,5 mlrd. dollarni tashkil etdi, shundan 2020-yilda 15,1 mlrd. dollarlik mahsulotlar eksport qilindi, bu esa 2016-yilga nisbatan 25 foizga koʻpdir.

2021-yil 15-mart holatiga koʻra, fuqarolari uchun Oʻzbekistonda vizasiz rejim joriy qilingan mamlakatlar soni 90 tani tashkil qiladi. Oxirgi uch yil ichida ushbu roʻyxatdagi davlatlar soni 10 barobardan oshdi. Bu esa ushbu davrda turistlar oqimi deyarli 4 baravar koʻpayishiga olib keldi.

Ammo shu bilan birga, Markaziy Osiyo mamlakatlari oldida chegara, suv muammolarini hal qilish vazifasi turibdi. Pandemiya tufayli dunyo boʻylab havo yoʻllari tarmogʻi 60 foiz, mehmonxona va turizm sohasi 70 foiz daromadidan ayrildi. Bu holat Oʻzbekiston iqtisodiyotiga ham oʻz salbiy taʼsirini koʻrsatdi, yalpi ichki mahsulot (YAIM) oʻsishi 5,6 foizdan pastga tushdi. Oʻzbekiston iqtisodiyoti pasayishiga taʼsir etuvchi asosiy omillar sifatida tashqi savdo hajmining keskin qisqarishi, migrantlar pul oqimlari hajmi 50 foizdan koʻproqqa pasayishi va hukumat tomonidan joriy qilingan karantin cheklovlari tufayli ichki bozordagi isteʼmol va talabga doir holatning yomonlashuvi tilga olinmoqda.

Qachon tugashi nomaʼlum boʻlgan bugungi pandemiya sharoitida davlatimiz bosh islohotchilik vazifasini oʻz zimmasiga olib, katta miqyosdagi ishlarni amalga oshirayotganini ham qayd etib oʻtmoqchimiz...

Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Anvar Nosirovning fikricha, Boston xalqaro konsalting kompaniyasi hisobotiga koʻra, Markaziy Osiyoning kelgusi 10 yil mobaynida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish salohiyati 170 milliard dollarga teng, shu jumladan, 40-70 milliard xom ashyo sektori bilan bogʻliq boʻlmagan sohalarga jalb qilinishi mumkin. BMT maʼlumoti boʻyicha, samarali iqtisodiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish Markaziy Osiyo davlatlarining YAIM hajmini (2020-yilda 291 mlrd. dollar) ikki barobar oshirish imkonini beradi. Demak, iqtisodiy va siyosiy manfaatlarimizni olisdan izlash oʻrniga, qoʻshnilar bilan amaliy hamkorlikni kuchaytirish lozim.

Islohot markazida inson manfaati yotibdi

Xalqaro ekspertlar fikricha, strategik maqsadlar mamlakatning xalqaro maydonda oʻz oldiga qoʻygan vazifalarini toʻla amalga oshirishda yangi-yangi imkoniyatlarni taqdim etadi. Oʻzbekiston esa davlat dasturlari va qonunlarni qabul qilish bilan cheklanib qolmay, ularni hayotga izchil tatbiq etishga intilmoqda. Harakatlar strategiyasida jamiyat ravnaqiga xizmat qiladigan oʻnlab ustuvor sohalar qamrab olingan. Masalan, 2017-yildan boshlab, xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlik muvaffaqiyatli rivojlanmoqda, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) bilan sheriklik aloqalari qaytadan tiklandi. YETTB yana Oʻzbekistonga qaytdi. Ular shaffoflikni oshirish va mahalliy statistikani muvofiqlashtirish borasida hukumat bilan ishlamoqda. Keyingi qadam suveren obligatsiyalarni ishlab chiqarish boʻladi.

Harakatlar strategiyasining bosh maqsadi demokratik jamiyatning jadal rivojlanishini taʼminlovchi ichki mexanizmlarni tezroq barpo etishga qaratilgan. Quvonarlisi, hozirgacha bu borada keng koʻlamli ishlarni bajarishga erishildi. Davlat boshqaruvi takomillashtirilib, jadal oʻzgarib borayotgan hayot talablariga muvofiqlashtirib borilmoqda. Bizningcha, yutuqlarimizning asosiy omili islohotlar uzoq muddatli konseptual strategiyaga asoslanganligi bilan xarakterlanadi. Shu maʼnoda olganda, yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan olgʻa surilgan yangi tashabbuslar, gʻoyalar ilmiy, amaliy va siyosiy ahamiyat kasb etib bormoqda.

Islohotlar bardavom. Chunki, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, bugungi Oʻzbekiston – bu hali tom maʼnodagi, biz orzu qilayotgan, intilayotgan Yangi Oʻzbekiston emas. Hali bu marraga yetish uchun oldimizda juda olis va mashaqqatli yoʻl turibdi. Yoʻlimiz shu paytgacha oson boʻlgani yoʻq, bundan keyin ham oson boʻlmaydi. Lekin biz dadil oldinga borishdan, kerak boʻlsa, kutilmagan, ammo pirovard natijasi samarali va xalqimiz manfaatlariga javob beradigan noanʼanaviy qarorlar qabul qilishdan choʻchimasligimiz zarur.

Baxtiyor OMONOV,
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professori,
siyosiy fanlar doktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?