Bunday rahbarlarga bizning safimizda oʻrin yoʻq – Prezident tadbirkorlarga koʻmak bermagan rahbarlar haqida

11:17 20 Avgust 2021 Siyosat
863 0

Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqoti boʻlib oʻtmoqda.

Unda Prezident tadbirkorlar murojaatlari haqida gapirdi.

«Tadbirkorlardan 15 mingdan ortiq savol, taklif va tashabbuslar kelib tushdi va shu kungacha, joylarda ularning koʻpchiligi hal etildi.

Ayniqsa Andijon, Namangan va Surxondaryoda ishlar tizimli tashkil qilinib, tadbirkorlarimizning 90 foiz muammolari qisqa fursatlarda hal qilib berilgani, albatta quvonarli hol.

Qayerda muhit yaxshi boʻlsa, hudud va tarmoq rahbarlari Prezident talabini toʻgʻri tushungan boʻlsa, oʻsha yerda ishlash uslubi, tadbirkorlarga munosabat oʻzgargan.

Aksincha, tadbirkor dardi bilan yashamagan, ular koʻtargan muammolarning ichiga kirmasdan, koʻmak bermagan rahbarlar faoliyatiga esa, xalqimizning oʻzi baho beradi va bunday rahbarlarga bizning safimizda oʻrin yoʻq va kelajakda ham shunday boʻladi.

Bir narsani barchamiz aniq tushunib olishimiz lozim. Tadbirkorlarimizning ushbu murojaatlari, amaldagi islohotlarimiz koʻzgusidir.

Shu bois, har bir vazirlik va idora rahbari, viloyat, tuman va shahar hokimlari kelib tushgan murojaatlarni oʻzlarining faoliyatiga baho deb bilishlari, bundan toʻgʻri xulosa chiqarib, keskin oʻzgarishlar qilishlari zarur va shart.

Tashabbus koʻrsata olmaydigan, yangi-yangi gʻoyalarni koʻtarib chiqishga, oʻzgarish qilishga intilishi boʻlmagan rahbarlarga nisbatan juda qattiq talab va choralar boʻladi», dedi davlat rahbari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?