Bulungʻurda xorijiy investitsiyani jalb etish ishlari jadallashmoqda

16:19 13 Iyun 2022 Iqtisodiyot
243 0

Foto: Zarnews.uz

Samarqand viloyati Bulungʻur tumanida umumiy qiymati 94 million dollarlik 9 ta loyiha takliflari ishlab chiqilgan va ushbu loyihalar doirasida joriy yilda 38,5 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya oʻzlashtirilishi rejalashtirilgan.

Bulungʻur tuman hokimligi investitsiyalar va tashqi savdo boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari Allayor Mahramovning aytishicha, birgina qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida 5 ta uzumchilik klasteri tomonidan 3 ming gektar yer maydonida qiymati 142,7 milliard soʻmlik loyiha amalga oshirilmoqda hamda 2 mingdan oshiq doimiy va mavsumiy ish oʻrinlari yaratiladi. Yana qiymati 51,6 milliard soʻmlik parrandachilik, pillani qayta ishlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish, savdo va maishiy xizmat koʻrsatishga doir loyihalar hayotga tatbiq qilinmoqda.

Bulungʻur tumanida hozirda “Samarqand Richland International Investment” MCHJ xorijiy korxonasi tomonidan qurilish materiallari ishlab chiqarish loyihasi doirasida 150 ming dollar xorijiy investitsiya kiritilgan.

“Xitoy besh barmoq qurilish materiallari” masʼuliyati cheklangan jamiyati xorijiy korxonasi tumanda pishiq gʻisht ishlab chiqarish loyihasini kengaytirish maqsadida 523 ming dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya oʻzlashtirdi.

Yil oxiriga qadar yana 2 ta korxona tomonidan 8 million dollar miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya oʻzlashtiriladi. Jumladan, “Samarkand-KZT EKO Milk compani” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan qiymati 17,5 million dollarlik issiqxona va chorvachilik komleksi tashkil etishga kirishiladi. Loyihani amalga oshirish uchun joriy yilda 3 million dollar miqdorida xorijiy investitsiya oʻzlashtiriladi hamda 80 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

“Gʻoʻbdin sof parrandalari” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan joriy yilda qiymati 6 million dollarlik parrandachilik xoʻjaligi tashkil etiladi va 5 million dollar xorijiy sarmoya oʻzlashtiriladi.

Bulungʻur tumani geografik jihatdan ham, logistika jihatidan ham qulay hudud hisoblanadi. Birgina qishloq xoʻjaligi yoʻnalishini oladigan boʻlsak, tuman aholisi bu borada yetarlicha tajriba va koʻnikmaga ega. Tumanda chorvachilik, bogʻdorchilik, uzumchilik sohalarida faoliyatni tashkil etish istiqbolli hisoblanadi.

Masalan, 2016-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan “Samarqand garden plast” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi Oʻzbekiston-AQSH qoʻshma korxonasi yiliga 20 ming tonna qishloq xoʻjalik mahsulotini muzlatish va qayta ishlash quvvatiga ega.

— Korxonamizda mavsumda 400 nafarga yetadigan ishchilar yordamida gulkaram, oshqovoq, bulgʻor qalampiri, qovun, shaftoli, gilos, baqlajon, ismaloq va boshqa mahsulotlarni qayta ishlaymiz, —  deydi jamiyatning sex boshligʻi Farhod Qoʻchqorov. —  Shaftoli, olcha, bulgʻor qalampiri va gulkaram korxona tasarrufidagi 1400 gektar maydonda yetishtiriladi. Qovun, oshqovoq Jizzax viloyatidan keltiriladi. Hozirda Rossiya, Ukraina, Belarus, Janubiy Koreya, Xitoy davlatlariga yiliga 5 ming tonnagacha mahsulot eksport qilamiz.

Oʻtgan yili Shveysariyadan 800 ming dollarga qishloq xoʻjalik mahsulotini 40 darajagacha muzlatish imkonini beruvchi zamonaviy uskuna olib keldik. Bu ishlab chiqarish hajmini 50 foizgacha oshiradi. Niderlandiyadan 400 ming dollarga mahsulotni yarim tayyor holga keltiruvchi uskuna xarid qilindi. Yana 200 ming dollarga lazer va havo orqali mahsulotni saralovchi jihozlar oldik. Bu bilan ish samaradorligi 50 foizga oshib, mahsulot qabul qilish va eksport hajmini ikki barobar koʻpaytirish imkoni yaratildi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?