Buxorolik olimlar tomonidan import oʻrnini bosadigan ohorlovchi polimer kompozitsiyalar ishlab chiqildi

17:50 11 Avgust 2021 Jamiyat
493 0

Respublikamiz toʻqimachilik sanoatining jadal rivojlanishi  koʻp jihatdan yangi texnologiyalarni yaratish, mavjudlarini  takomillashtirish, yuqori ekspluatatsion xususiyatga ega hamda importga bogʻliq boʻlmagan yangi ohorlovchi materiallar tarkibini ishlab chiqishga bogʻliq.

— Bu boradagi muammolar yechimida davlatimiz rahbarining 2020-yil 12-avgustda qabul qilingan “Kimyo va biologiya yoʻnalishlarida uzluksiz taʼlim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori muhim ahamiyatga ega, — deydi Buxoro davlat universiteti professori, texnika fanlari doktori Muxtor Amonov. — Fikrimni hayotiy misol bilan dalillamoqchiman. Toʻquv dastgohlarida kalava ipning maʼlum ishqalanishga duch kelishi uning uzilishiga sabab boʻladi. Buning oldini olish, kalava ipning mustahkamligini oshirish maqsadida u ohorlanadi. Shundan soʻnggina, yumshoq holga kelgan iplarni toʻquv dastgohlarida qayta ishlash mumkin. Yuqoridagi jarayonda ohorlovchi modda sifatida esa asosan kraxmal va uning hosilalaridan foydalaniladi.

Respublikamizda ushbu tabiiy polimerlarga ehtiyoj katta. Shu oʻrinda taʼkidlash joiz, oziq-ovqat, toʻqimachilik va yengil sanoat korxonalarining kraxmalga boʻlgan ehtiyoji asosan, chetdan valyuta evaziga olib kelinayotgan xom ashyo hisobiga qondirilmoqda. Holbuki, bunga hojat yoʻq.

Gap shundaki, universitetimiz kimyogar olimlari tomonidan ohorlovchi polimer kompozitsiyalar olish texnologiyasining ilmiy va amaliy asoslarini yaratildi. Ularni sanoat asosida ishlab chiqarish va qoʻllash natijasida oziq-ovqat xom ashyolarning sarfi 30-35 foizga kamayadi. Bundan tashqari, bu kompozitsiyalar import ohorlovchi materiallar oʻrnini bosadi.

Ohorlangan kalava ip maʼlum texnologik xususiyatlarini oʻzida mujassam etib, quyidagi talablarga javob berishi kerak. Masalan, ohor nafaqat kalava iplarni bir tekis qoplashi, balki u ipga yaxshi singishi, bir jinsli yopishqoq va  muayyan darajada qovushqoqlik boʻlishi, quriganda esa chidamli, egiluvchan plyonka hosil qilishi kerak. Qolaversa, ohor toʻkilmasligi, gigroskopik va antiseptik xususiyatlariga ega boʻlmogʻi lozim. Biz yaratgan xom ashyo yuqorida qayd etilgan talablarga javob beradi.

Olimlar tomonidan ishlab chiqilgan ohorlovchi polimer kompozitsiyalar viloyatdagi bir necha toʻqimachilik korxonalarida sinovdan oʻtkazildi va ijobiy natijalar olindi. Buni alohida taʼkidlashimiz bejiz emas.Taklif etilgan ishlanmaning afzalliklari koʻp.U texnik maqsadlarda qoʻllaniladigan kraxmal va kraxmal mahsulotlari sarfini keskin kamaytiradi. Shuningdek, ohor tayyorlash usuli nisbatan sodda boʻlib, qoʻshimcha texnologik jarayonlarni talab qilmaydi. Bundan tashqari, kalava ipning mustahkamligi 10-15 foizga ortgani kuzatildi. Ana shuning hisobiga, toʻquv dastgohlari mehnat unumdorligi 1,3-1,5-marta oshadi.

Faqat bugina emas. Polimer kompozitsiya eritmasi yuqori barqarorlikka ega. U uzoq vaqt oʻz xususiyatlarini yoʻqotmaydi, matodan ohor oson yuviladi. Yana bir muhim jihat: polimer kompozitsiya asosidagi plyonkalarning yuqori gidrofil xususiyatga egaligi bois toʻquv sexlarida havo namligi 70 foizdan 60 foizgacha kamayadi. Bu esa toʻquv sexlari sanitar -gigiyenik holatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Darvoqe, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, loyiha rahbari professor M. R. Amonov va “Sharq Biznes Solution” MCHJ korxonalari oʻrtasida 2021-2022-yillarga moʻljallangan 535 000 000 soʻmlik ilmiy tadqiqot ishlarini tijoratlashtirishgacha tayyorlash loyiha shartnomasi tuzildi.

Istam IBROHIMOV, (“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?