Buxorolik olimlar koʻpchilikka maʼlum boʻlmagan «Temurnomai manzuma»ni tarjima qildilar

16:03 19 May 2021 Madaniyat
887 0

Amir Temur shaxsiyati, u tuzgan buyuk saltanat barcha davrlarda olimu fuzalolar, shoiru yozuvchilarning eʼtiborini oʻziga tortib kelgan. Sohibqiron haqida koʻplab asarlar yaratilgan. Hayoti, faoliyati tadqiq qilingan.

Buni qarangki, ulugʻ ajdodimiz toʻgʻrisida yozilgan asarlar orasida koʻpchilikka nomaʼlum boʻlgan kitoblar ham yoʻq emas ekan. XV-XVI asrlarda yashab ijod etgan, Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiylarning zamondoshi Abdulloh Hotifiy qalamiga mansub "Temurnomai manzuma"( «Nazmiy Temurnoma») asari shular jumlasidandir.Buxoro davlat universiteti dotsenti, manbashunos olim Abdurahim Boltayev shu nodir manbani aniqlab, ilk bor unga jamoatchilik, tariximiz ixlosmandlari eʼtiborini qaratdi.

— Abdulloh Hotifiy 1454 – 1521-yillarda yashab oʻtgan ijodkordir, — deydi A. Boltayev. — U Eronda temuriylar davrining nihoyasi, safaviylar davlatining kuchayishi pallasida yashab ijod qilgan.Maʼlumotlarga qaraganda, Hotifiy Abdurahmon Jomiyga qarindosh boʻlgan. "Temurnomai manzuma" nazmiy asar boʻlib, u nafaqat badiiy, balki tarixiy ahamiyatga ham ega sanaladi. Chunki muallif temuriyzoda Husayn Boyqaro davlatining gullab yashnashidan tortib to inqirozga yuz tutishigacha kechgan jarayondan yaxshi xabardor boʻlgan.

Yaqinda manbashunos olim Abdurahim Boltayev rahbarligidagi Mir Arab oliy madrasasi mutaxassislaridan iborat guruh ushbu noyob asarni fors tilidan nasriy tarjima qildi.U kitob holida chop etildi. Natijada xalqimiz maʼnaviy xazinasi Amir Temur haqidagi yana bir asar bilan boyidi.

— Oʻtgan yili “Buxoro – Islom madaniyati poytaxti” deb eʼlon qilinganidan yaxshi xabardorsiz, — deydi Buxoro davlat universiteti rektori, iqtisod fanlari doktori, professor O. Hamidov. — Shu munosabat bilan universitetimiz manbashunos olimlari xalqimizning boy madaniy-ilmiy merosini oʻzida ifoda etgan oʻnga yaqin qoʻlyozma asarni tarjima qildilar. Mazkur asar tarjimasi ham shu xayrli ishlarning uzviy davomidir.

Istam IBROHIMOV,
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?