Buxorodagi Nasriddin Afandi haykali muallifi haqida nimalarni bilamiz?

16:43 05 Dekabr 2022 Jamiyat
901 0

Foto: Illustrativ surat

Buxoroi sharifga olisu yaqindan kelayotgan mehmonlar qadami uzilmaydi. Ular koʻhna shahardagi masjidu madrasalar, karvonsaroylar, savdo toqlari va boshqa koʻplab osori atiqalar qatori soʻlim Labihovuz majmuasida oʻrnatilgan Xoʻja Nasriddin Afandi haykalini ham, albatta, tomosha qilishadi.

Egnida oʻzbekona yaktak va chopon, belida belbogʻu boshida sallasi bor, eshak mingan holda tasvirlangan Nasriddin Afandi haykali qoshida suratga tushish esa anʼanaga aylangan. Odamlarni oʻziga ohanrabodek tortib turgan bu sanʼat asarini koʻrganingizda beixtiyor chehrangizga tabassum yuguradi. Oʻzining oʻtkir qochirimi, kinoyasi, hazil – mutoyibasi, topqirligi, hozirjavobligi bilan oyogʻi yerdan uzilgan amaldorlaru baxil kimsalarning dodini bergan, beva-bechoralar yonini olib, ular mushkulini oson qilgan donishmand kishi koʻz oldingizga keladi.

BuxDU professori, filologiya fanlari doktori Darmonoy Oʻrayevaning fikricha, kichik hajmli, nozik qochirimli latifalarni toʻplab oʻrganish Buxorodan boshlangan. Olima bu fikrni ulugʻ ajdodimiz Muhammad Avfiy Buxoriy ijodiga tayanib aytadi. Muhammad Avfiy Buxoriy 1223-yilda latifalarni toʻplab, «Javomeʼul-hikoyot va lavomeʼur – rivoyot» (“Hikoyatlar toʻplami va rivoyatlar ziyosi”) nomi bilan kitob holiga keltirgan. “Ehtimol, shu hodisa ham Nasriddin Afandining (latifa janrining) yurti Buxoro deb qarashga zamin yaratgandir”, deya yozadi D. Oʻrayeva.

Nima boʻlganida ham hayot koʻrsatdiki, Nasriddin Afandiga haykal oʻrnatilishi oʻzini toʻla oqladi. Qisqa vaqt oraligʻida u xorij hamda mamlakatimizning turli goʻshalaridan kelayotgan mehmonlar suyub tomosha qiladigan osori atiqaga aylandi. Aytmoqchi, haykal muallifi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi Yakov Shapiro sanaladi.

— Yakov Shapiro bilan qalin doʻstmiz, — degandi biz bilan suhbatda 2019-yilda Rossiya qahramonlari assotsiatsiyasi delegatsiyasi tarkibida Oʻzbekiston, jumladan Buxoroda boʻlgan mashhur-uchuvchi kosmonavt, “Doʻstlik” ordeni sohibi Vladimir Jonibekov. — U yaratgan Nasriddin Afandi haykali chinakam sanʼat asaridir. Biz bu haqida oʻzaro koʻp suhbatlashganmiz. Ijodkor Nasriddin Afandi latifalarini oʻqib, oʻrganishi natijasida oʻlmas asar yaratishga muvaffaq boʻlgan. Haykalning 1979-yilda oʻrnatilganini ham yaxshi eslayman.

Asli oʻzbekistonlik bu taniqli uchuvchi – kosmonavtning oʻzi ham yaxshigina rassom. Shu boisdan haykalga bergan bahosiga zigʻircha mubolagʻa yoʻq, desak xato qilmaymiz. Darvoqe, har yilning 1-aprelida Labihovuz, xususan, Xoʻja Nasriddin haykali atrofida tumonat odam yigʻiladi. Kulgu va mutoyiba kuni munosabati bilan “Nasriddin Afandi kunlari” oʻtkaziladi.

Yakov Shapiroga kelsak, asli Ukrainaning Olevsk shaharchasida tugʻilgan, ammo taqdir taqazosi bilan Oʻzbekistonda ulgʻayib, kamol topgan bu haykaltarosh ijodi xususida uzoq soʻz yuritish mumkin. Deylik, u Toshkentdagi 5 ta metro stansiyasi uchun pannolar tayyorlab bergan.Toshkent shahrida oʻrnatilgan Shota Rustaveli, Hamid Olimjon, Sharof Rashidov, Botir Zokirov haykallari muallifi ham aynan shu ijodkordir. Rossiya, Xitoy, Turkiya, AQSH,Ukrainada ham u yaratgan haykallarni uchratish mumkin. Taniqli haykaltarosh 2021-yilda vafot etgan.

Yana xalq qahramoni Nasriddin Afandiga qaytamiz. Yaqinda Marokash davlatining Rabot shahrida boʻlib oʻtgan Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish boʻyicha Hukumatararo qoʻmitaning 17-sessiyasida Oʻzbekistonda ipakchilikni rivojlantirishga oid ishlar bilan bir qatorda Nasriddin Afandi latifalari nominatsiyasi taqdimoti ham oʻtkazildi. Tadbirda mashhur folklor qahramoni sanalgan Xoʻja Nasriddinning Buxoro shahridagi noyob haykali aholida katta qiziqish uygʻotayotgani alohida taʼkidlandi. Pirovardida Afandi latifalari YUNESKOning Reprezentativ roʻyxatiga kiritildi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер