Buxorodagi xalqaro festival doirasida kashtachilikka oid koʻrgazma ham tashkil etiladi

21:46 18 May 2022 Jamiyat
329 0

Foto: Illustrativ foto

Xabar qilganimizdek, shu yilning 21-25-mayida Buxoro shahrida xalqaro zardoʻzlik va zargarlik festivali oʻtkaziladi. Maʼlum boʻlishicha, ushbu festival doirasida “Kashtachilik – milliy qadriyat, moziyga nazar” nomi ostida milliy koʻrgazma ham tashkil etiladi.

— Mamlakatimiz, jumladan, viloyatimizda kashtachilik tarixi uzoq yillarga borib taqaladi, — deydi “Hunarmand” uyushmasi Buxoro viloyat boshqarmasi boshligʻi Akbar Muhamedov. — Kashtachilikning Buxoro, Nurota, Shofirkon maktablari mashhur. Milliy qadriyat darajasiga koʻtarilgan bu sanʼat keyingi yillarda yanada ravnaq topyapti. Bugun Buxoroda kashtachilikning betakror namunalarini yaratib, koʻplab shogirdlar tayyorlayotgan hunarmandlar juda koʻp. Festival doirasida oʻtkaziladigan milliy koʻrgazmada ular oʻz mahoratlarini namoyish etadilar.

—Oilaviy ishlayapmiz, — deydi Buxoro shahridagi yashovchi kashtadoʻz Madina Qodirova. — Biz tikayotgan soʻzanalar oʻzining yorqin ranglari, timsollarga boyligi bilan xaridorlarga maʼqul tushmoqda. Mijozlarimizning aksariyati chet ellik sayyohlardir. Xalqaro festival kunlari oʻtkaziladigan milliy koʻrgazmada bir turkum kashtachilik mahsulotlarimizni namoyish etish taraddudidamiz. Ularda yurtimizning betakror manzaralari, jilvakor naqshlar mujassam.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?