Buxoroda jurnalistlar eʼtibori nimalarga qaratildi?

16:45 28 Sentyabr 2022 Jamiyat
386 0

Foto: Xalq so‘zi

Buxoro shahrida YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi “Zamin” fondi bilan hamkorlikda jurnalistlar uchun “Ommaviy axborot vositalarida nogironlik masalalarini qanday qilib toʻgʻri yoritish kerak?” mavzusida muloqot oʻtkazdi.

Taʼkidlanishicha, dunyo aholisining 15 foizi- kamida bir milliard odam tugʻilishidanoq yoki keyinchalik hayot kechirish davomida u yoki bu sababga koʻra nogironlikka duchor boʻlgan. Ularning 240 million nafarga yaqini bolalardir.Jismoniy, aloqa va axborotga boʻlgan toʻsiqlar, shuningdek, munosabatlardagi toʻsiqlar ularning ishlash, ijtimoiy xizmatlardan foydalanish, jamiyat hayotida toʻlaqonli ishtirok etish imkoniyatini cheklaydi. Bu masala Oʻzbekiston uchun ham dolzarb sanaladi. Negaki, yurtimizda nogironligi boʻlgan 16 yoshgacha bolalar soni oz emas.Ular 111 ming 300 nafarni tashkil etadi.

— Mamlakatimiz tomonidan BMTning Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi va Nogironligi boʻlgan insonlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasi ratifikatsiya qilingan, — deydi Oʻzbekiston nogironlar assotsiatsiyasi viloyat boʻlimi rahbari Dilshod Kamolov. — Bu yurtimizda nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini himoya qilishni taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha kafolatlar yaratadi, bunday fuqarolarni ijtimoiy himoya ostiga olish, ular uchun imkoniyatlar yaratish, huquqlarini taʼminlashda davlat boshqaruv organlarining masʼuliyatini oshiradi.Zero, nogironligi boʻlgan shaxslarning, jumladan, bolalarning haq–huquqlarini oʻz oʻrniga qoʻyish borasida yechimini kutayotgan masalalar ancha.

Butun dunyo boʻylab oʻtkazilgan koʻplab tadqiqotlar, bolani internat va mehribonlik uylarida tarbiyalash uning rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatishini isbotlagan. Rasmiy statistik maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda nogironligi boʻlgan bolalar internat muassasalar tarbiyalanuvchilarining eng koʻp qismini tashkil etadi. Binobarin, inklyuziv taʼlimni va bolalarning oʻz oilalarida yashash huquqini taʼminlash uchun barcha choralarni koʻrish zarur.

Ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan erkin muloqot shaklida tashkil etilgan tadbirda YUNISEFning jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi boshligʻi Sitsi Singizi, mazkur xalqaro tashkilotning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade jurnalistlar eʼtiborini nogironligi boʻlgan oʻgʻil–qizlarning haq–huquqini himoya qilish masalasini atroflicha yoritishga qaratdilar.Bu borada toʻplangan tajriba boʻyicha jurnalistlarning fikr–mulohazalari tinglandi.

— Oʻzbekistonda soʻnggi paytlarda Mehribonlik uylarida yashovchi bolalarni oilaviy muhitga moslashtirish boʻyicha faol chora–tadbirlar amalga oshirilayotganini, yangi oʻquv yilida 225 ta maktab nogironligi boʻlgan bolalar uchun oʻz eshiklarini ochganini kuzatdik, — dedi jumladan, Munir Mamedzade. — Biroq ota-onalar, mahallalar, fuqarolik jamiyati tashkilotlari va davlat idoralarining yagona maqsad atrofida birlashishi maqsadga muvofiq. Zero, nogiron bolalarning barcha huquqlarini bosqichma- osqich roʻyobga chiqarish, notoʻgʻri qarashlarga barham berish, nogironligi boʻlgan bolalarga nisbatan kamsitishlarga chek qoʻyish yoʻlida hali koʻp ish qilinishi kerak.

Darhaqiqat, ayrim ota-onalarda “Nega farzandim nogironligi boʻlgan bola bilan birga oʻqishi kerak” qabilidagi notoʻgʻri qarashlar uchraydi. Yoki nogironlik aravachasidan foydalanuvchilar kira olmaydigan binolar, transport vositalari, hojatxona va oʻyin maydonchalari bor.Bu kabi toʻsiqlarga albatta barham berish lozim.Bunda jurnalistlar davlat va jamiyat oʻrtasidagi koʻprik vazifasini oʻtashlari muhimdir. Tadbirda shu mavzuni toʻgʻri yoritishga oid zarur tavsiyalar berildi. Tashkilotchilar tomonidan “Toʻsiqlarsiz” dasturi hayotga tadbiq etilayotgani, uning mazmun- mohiyati haqida maʼlumotlar taqdim etildi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?