Buxoroda yosh ijrochilarning “Shashmaqom” respublika festivali oʻtkazilmoqda

15:18 23 May 2022 Jamiyat
411 0

Foto: Халқ сўзи

Oʻtgan yilning 16-noyabrida Vazirlar Mahkamasining “Buxoro viloyatida yosh ijrochilarning «Shashmaqom” respublika festivalini tashkil etish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilingan edi. Mazkur hujjatga muvofiq, bu tadbir har ikki yilda bir bor may oyida koʻhna va muazzam kentda boʻlib oʻtishi belgilangan.

Kecha Buxoroda ayni shu xayrli tadbir boshlandi.

Shashmaqom — necha ming yillik tarixga ega sanʼat. U xalqimizning aqlu zakovati, sanʼatga boʻlgan mehru muhabbati mevasi oʻlaroq dunyoga kelgan. Uni asrab-avaylash, kelgusi avlodga yetkazish, maqom sanʼati ustozlari tajribasini ommalashtirish ushbu festivaldan koʻzlangan maqsadu muddaoning negizini tashkil etadi. Zero, bu borada ibratli ishlarni amalga oshirgan ota-bobolarimiz koʻp. Shu oʻrinda istiqlol yoʻlida jon fido etgan Abdurauf Fitratni eslashning oʻzi kifoya. Millat fidoyisi sanalgan Fitrat oʻz vaqtida “Shashmaqom”ni notaga tushirish ishlari tashabbuskori boʻlgan va bu ezgu yoʻli oʻz sarmoyasini ham sarflagan.

Festivalga kelsak, Buxoro shahridagi Yoshlar markazida tadbirning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Buxoro viloyat hokimi B. Zaripov yurtimizda madaniyat va sanʼatni rivojlantirish, mumtoz oʻzbek qoʻshiqchiligini ravnaq toptirish yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar haqida toʻxtaldi.

Tadbir munosabati bilan oʻtkazilgan konsert dasturida Oʻzbekiston Qahramoni Munojot Yoʻlchiyeva, taniqli artistlar Matluba Dadaboyeva, Gulbahor Erqulova va boshqalar, shuningdek, Buxoro ixtisoslashtirilgan maqom maktab-internati jamoasi oʻz chiqishlari bilan barchani xushnud etdi.

Yosh avlodni ajdodlarning maʼnaviy merosiga hurmat-ehtirom ruhida tarbiyalashga qaratilgan festival davom etmoqda.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?