Buxoroda yangi rusumdagi paxta terish mashinasidan foydalanilmoqda

Foto: “Xalq soʻzi”
Shu kunlarda Buxoro viloyati Qorovulbozor tumani dalalarida yangi avlod texnikasi, deya eʼtirof etilayotgan paxta terish mashinasini koʻrish mumkin. “Ark eko tekstil klaster” masʼuliyati cheklangan jamiyati uni Turkiyadan 1 milliard 400 million soʻm mablagʻ evaziga sotib oldi. Bu agregat avvalgilaridan tubdan farq qiladi.
— Mazkur terim mashinasi bir kunda 400 nafar ishchining oʻrnini bosa oladi, — deya xabar berdi tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Islomjon Karimov. — Oʻtkazilgan tajribalar ushbu kombayn koʻmagida terilgan paxta dalalaridagi hosildorlik qoʻlda terilganiga nisbatan 5 – 6 sentnerga yuqori boʻlishini koʻrsatmoqda. Bu hali hammasi emas. Yigʻim- terim mavsumi yakunlanganidan keyin undan traktor sifatida foydalanish ham mumkin.
1,5 tonna sigʻimli tirkamasi ham boʻlgan bu mashina kuniga 16 tonna paxtani terish quvvatiga ega. U gʻoʻzadagi barglarni ajratib tashlagan holda koʻsakdagi yarim ochilgan paxtani ham tera oladi. Masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan hozircha ikkita shunday texnika sotib olingan.
Ochigʻi, dalalarimizda paxta terish mashinasini koʻrish keyingi yillarda kamyob holga aylanib qolgandi. Kishidan katta kuch-gʻayrat talab qiladigan qoʻl terimi mashaqqatini esa koʻpchilik yaxshi biladi. Qolaversa, sahro bagʻrida joylashgan Qorovulbozorda terimchilarga ehtiyoj katta. Ularni chamasi 80-100 kilometr olisda joylashgan Vobkent, Shofirkon, Gʻijduvon tumanlaridan jalb etishga toʻgʻri keladi. Bu esa xom ashyo tannarxiga taʼsir qilmay qolmaydi. Binobarin, fermeru mutaxassislarning hosilni yogʻin-sochinli kunlarda qoldirmay yigʻishtirib olishda qoʻl keladigan bu mashinadan umidlari katta.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Milliy sertifikat imtihoni natijalari 21 ish kuni ichida e’lon qilinadi — Bilimni baholash agentligi
- Ichki ishlar vaziri Buxoro viloyati IIBning 10 ga yaqin rahbarini ishdan boʻshatdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Abdulaziz Komilov Italiyaning eng yuqori davlat mukofoti bilan taqdirlandi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Tojikistonda sodir boʻlgan zilzila qancha talafot yetkazgani ochiqlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring