Buxoroda Tailand qirolichasining liboslari namoyish etilmoqda

16:32 05 Aprel 2024 Jamiyat
1276 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Istam Ibrohimov/«Xalq soʻzi». Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasining «Sitorai Mohi-Xossa» amaliy bezak sanʼati muzey filialida «Ayollar ipak liboslari: tarix va zamonaviylik» nomli koʻrgazma ochildi. Unda Tailand qirolichasining liboslari nusxalari namoyish etilmoqda.

Koʻrgazma ekspozitsiyasidan Tailand Ruan Ton nomli norasmiy, Tailand Chitralada va Tailand Amarin nomli Bangkokdagi Janobi oliylari qarorgohida kiyiladigan kunduzgi va kechki rasmiy liboslar, shuningdek, ipak matodan tikilgan nafis koʻylaklar, umuman, Qirollik marosimlarida kiyiladigan liboslar oʻrin olgan.

— Ushbu sakkiz turdagi Tailand qirollik libosining kelib chiqish tarixi oʻziga xos, — deydi muzey-qoʻriqxona masʼul xodimi J. Xalilov. — Gap shundaki, 1960-yilda Tailand qiroli va qirolichasi Yevropa va Amerikaning 15 ta davlatiga tashrif buyurishadi. Shunda qirolicha qirollik kundalik hayotida foydalaniladigan Tailand liboslari Gʻarb madaniyati taʼsiriga tushib qolganini his etadi. Tailandga ham deylik, hind sarisi yoki yapon kimanosi kabi milliy liboslar zarurligini anglab yetadi. Rasmiy tashrifdan soʻng Tailandning oʻziga xosligini ifodalovchi liboslar ishlab chiqarishga qaror qilinadi. Toki, ular xalqaro hamjamiyatga mamlakat oʻziga xosligini ifodalasin.

Natijada Tailand qirollik liboslari yaratiladi va ularning har biriga nom beriladi.

20-aprelgacha davom etadigan koʻrgazmada xorijiy va mahalliy sayyohlar Tailand qirollik oilasining liboslari, taqinchoqlari bilan birga Buxoroning XIX-XX asrlarga tegishli boʻlgan oʻzbek ayollar liboslari bilan ham yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʻlishyapti.

Mazkur xalqaro koʻrgazma respublika Madaniy meros agentligi, Oʻzbekiston amaliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi hamda «Sitorai Mohi Xossa» amaliy bezak sanʼati muzey filiali hamkorligida tashkil etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?