Buxoroda Oʻzbekistonda yagona boʻlgan “UNIWORK” tizimida ishlashga oʻtildi

18:03 12 Avgust 2021 Jamiyat
667 0

Har qanday davlatning yetakchi resursi insonlardir. Inson mehnat bozorida oʻz oʻrnini topa olishi, oʻzi va oilasiga munosib hayotni taʼminlashga yetarli mablagʻ ishlab topishi uchun tegishli maʼlumotga ega boʻlsa, avval oʻzi, keyin oilasi va davlat rivojlanadi. Inson shunday bilim olishi lozimki, bu unga oʻzi uchun munosib hayotni taʼminlash va erkin rivojlanish imkonini yaratmogʻi kerak.

Taʼlim turlari ichida oliy taʼlim kadrlar tayyorlash tizimining asosiy boʻgʻinlaridan biridir. U Oʻzbekiston Respublikasi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini taʼminlovchi, shaxs, jamiyat va davlatning iqtisodiy, ijtimoiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan ustuvor soha sifatida amalga oshiriladi. Chunki, taʼlim turlaridan biri hisoblangan oliy taʼlim turi ham oʻziga xos xususiyatlarga ega boʻlib, mamlakat iqtisodiyotining real tarmoqlari uchun yuqori malakali mutaxassis kadrlar tayyorlash uchun xizmat qiladi.

Uchinchi Renessans sari qadam qoʻygan mamlakatimizda barcha sohalar qatori oliy taʼlim tizimida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar yaqin yillarda oʻz samarasini berishi, shubhasiz. Yangi davr shiddati bugun ilm-fan va ishlab chiqarish oʻrtasidagi integratsiyani har qachongidan ham koʻra dolzarb ahamiyatga ega ekanligini, joriy etilayotgan qaror va farmonlar ilm-fan sohasi rivojida davlat boshqaruv tizimining ustuvorligini aniq, qatʼiy asoslamoqda.

Prezidentimiz oliy taʼlim tizimini butkul qayta koʻrib chiqish, xususan, sohada belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosiga alohida eʼtibor qaratib kelmoqda. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining 2020-yil 27-fevraldagi “Pedagogik taʼlim sohasini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Buxoro davlat universitetining pedagogika taʼlim sohasi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida Buxoro davlat universitetining Pedagogika instituti tashkil etilishi hamda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 6-apreldagi “Buxoro davlat universitetining Pedagogika instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ushbu yoʻnalishdagi islohotlarning mantiqiy davomi boʻldi, desak, aslo yanglishmaymiz.

Albatta, oʻtgan qisqa davrda oliy taʼlim tizimini isloh qilishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar eʼtiborga molik. Shu bilan birga, Buxoro davlat universitetida ham zamonaviy talablarga javob beradigan yetuk kadrlar tayyorlash tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotir.

Shu yilning 1-aprel kuni mamlakatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan “Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish boʻyicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmon hamda “Ilm-fan sohasidagi davlat siyosati va innovatsion rivojlantirishdagi davlat boshqaruvini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Chora-tadbirlar dasturining tasdiqlanishi yangilanayotgan Oʻzbekistonda ilm-fan va innovatsion rivojlanishning yangi bosqichini boshlab berdi.

Qabul qilingan ushbu Farmon va qarorda birinchi islohot, albatta, boshqaruv tizimini takomillashtirishdan boshlandi. Hududlarda ilmiy va innovatsion faoliyatni boshqarish tizimini joriy qilish va hududiy innovatsion infratuzilmalar ishlab chiqildi. Ikkinchi qadam sifatida, innovatsion faoliyatga muhim qoʻshimcha moliyaviy mablagʻlar manbaini belgilash va bu orqali tashkilotlarga innovatsion faoliyat bilan shugʻullanishi uchun erkin muhit yaratish maqsadida innovatsion jamgʻarmalar tashkil etilmoqda.

Yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, ilmiy-texnik dasturlarni shakllantirishning eski tizimi tubdan isloh qilinib, yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish va ishlab chiqarishga joriy etish, startap loyihalarini amalga oshirish, intellektual mulk qatnashadigan yangi korxonalarni shakllantirish va ratsionalizatorlik faoliyatini rivojlantirish uchun keng imkoniyat paydo boʻldi. Respublikani innovatsiyalar sohasidagi global reytingdagi ilgʻor 50 ta mamlakatlar roʻyxatiga kiritishga qaratilgan strategik dastur tasdiqlandi, ilmiy loyihalarni moliyalashtirishning yangi mexanizmlari joriy etildi, ilm-fan sohasida yuqori malakali kadrlarni moliyaviy ragʻbatlantirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratildi.

2020-2021-yillarda Buxoro davlat universiteti olimlarining tashabbusi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining qoʻllab-quvvatlashi natijasida universitet huzurida turli ixtisosliklarda fan doktorlari (DSc) hamda falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi ilmiy kengashlar ochildi. Soʻnggi ikki yilda yangi 2 ta ixtisoslik boʻyicha (DSc) fan doktori, 15 ta ixtisoslik boʻyicha 8 ta (PhD) falsafa fanlari doktori boʻyicha ilmiy kengashlar faoliyatining yoʻlga qoʻyilganligi ham fikrimizning amaliy isbotidir.

Shu qisqa davr ichida ilmiy kengashlarda jami 97 ta dissertatsiya ishlari 100 foiz ovoz bilan himoya qilinib, dissertantlarimiz falsafa fanlari doktori (PhD) diplomini qoʻlga kiritdilar. 13 nafar tadqiqotchilarimiz muddatdan oldin himoya shohsupasiga chiqdi. Kengashlarning ochilishi ham aynan yoshlar manfaatini oʻylab qilingan xayrli ishlardan sanaladi.

Eng muhimi, bugungi kunda universitetimizda mamlakatimizda yagona boʻlgan “UNIWORK” keng imkoniyatli tizimda ishlashga oʻtildi.

Umuman olganda, yurtimizda oliy taʼlim sohasidagi oʻzgarishlar, keng qamrovli islohotlar sohada raqobat muhitini yaratishga, taʼlim tizimini mazmun va sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishga, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror rivojlanishiga olib keladi.

Otabek QAHHOROV,

Buxoro davlat universiteti

Ilmiy ishlar va innovatsiyalar

boʻyicha prorektor,

i.f.d (DSc), dotsent

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?