Buxoroda “Nasriddin Afandi” festivali oʻtkazildi

18:03 01 Aprel 2022 Jamiyat
1190 0

Foto: Халқ сўзи

Bugun Buxoro shahrining qadimiy manzili bayramona tus oldi. Navroʻz tantanalari “Nasriddin Afandi” festivaliga ulanib ketdi.

Kulgi, hazil-mutoyiba ayyomi sanalgan bu tadbir, anʼanaga koʻra, qadimiy Ark qoʻrgʻonidan boshlandi. Milliy liboslar, turli millat vakillari kiyimlarini kiygan hamda sharqona ertak–afsonalar qahramonlari qiyofasiga kirgan tadbir ishtirokchilari karnay–surnay sadolari ostida Labi hovuz sari harakatlandilar. Bu yerda festivalning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Buxoro viloyat hokimligi, viloyat turizm boshqarmasi va boshqa bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda oʻtkazilgan bu galgi festival dasturi rang-barangligi bilan ajralib turdi. Festivalni tomosha qilgani turli goʻshalardan kelgan mehmonlar, sayyohlar eʼtiboriga “Keling, bir kulishaylik”dasturi namoyish qilindi. Qiziqchi va askiyachilarning, dorbozlarning chiqishlari toʻplanganlar kayfiyatiga kayfiyat qoʻshdi. Qadim shaharning gavjum maskanlarida folklor dastalari ijrosida xalqona kuy–qoʻshiqlar yangradi, raqslar ijro etildi. Milliy taomlar va shirinliklar namoyishi — “Sharq taomlari” festivali bayram fayziga fayz qoʻshdi.

— Men Oʻzbekistonning turizm salohiyatini oʻrgangani kelganman, — deydi festival mehmoni, Fransiyalik Aleksander Enjuen. — Hozir Buxoro turizm texnikumida talabalarga oʻz soham boʻyicha saboq ham beryapman. Xalqingiz xushfeʼl, kulgisevar, bagʻrikeng ekan. Buni Buxoroga kelgan kunimdayoq koʻrib, his etganman. Bugungi festival oʻzbek xalqi urf-odatlari, anʼanalari haqidagi tasavvurlarimni yanada boyitdi. Shubhasiz, bunday festivalu sayllar Buxoroning turistik salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?