Buxoroda koronavirusga chalingan bemor murakkab jarrohlik operatsiyasidan soʻng hayotga qaytdi

16:21 05 Oktyabr 2020 Jamiyat
513 0

Buxoro shahrining Piridastgir koʻchasi, 76-uyda istiqomat qilayotgan Jamshid Roʻziyev bir oydan oshibdiki, viloyat ftiziatriya va pulmonologiya markazida yotib davolanmoqda. Ha, ming afsuski, SOVID-19 kasalligi uni ham chetlab oʻtmadi.

— Oʻzim viloyat elektr tarmoqlari hududiy korxonasida kadrlar boʻlimida ishlayman, – deydi koronavirus kasalligi bilan kurashib kelayotgan 33 yoshli Jamshid. — Kasb taqozosiga koʻra, har toifa odam bilan muloqotda boʻlamiz. Aynan qayerda va kimdan bu kasallikni yuqtirib olganimni bilmayman. Ammo uyimizda ota-onam, ukam ham oʻta xavfli bu kasallikka chalinib, davolanib chiqdilar.

Boshqalardan farqli oʻlaroq, Jamshid Roʻziyevda kasallik ogʻir kechdi. Tanasining qaqshab ogʻrishi, qattiq quruq yoʻtal, muttasil isitma va koʻkrak qafasining chap tomonidagi kuchli ogʻriq yigitni butunlay holdan toydirgandi. Ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgan bemorning rentgen va boshqa tahlillari ham salbiy chiqqani sababli intensiv muolajalar boshlandi. Nafas yetishmovchiligi bois yigirma kundan ortiq alohida kislorod uzatuvchi uskunaga ulab qoʻyildi.

— Uchinchi darajali nafas yetishmovchiligi, gemopnevmotoreks, yaʼni oʻpka yalligʻlanishining nisbatan ogʻir shakli bilan qabul qilingan mazkur bemorga intensiv davo muolajalaridan soʻng torokotsentez usulida, boshqacha aytsak, oʻpkasining yiringli qon toʻplangan chap boʻlmasi boʻshligʻiga trubka qoʻyildi, – deydi dispanser davolovchi vrachi Shuhrat Bozorov. — Qon va havoni chiqarish maqsadida qoʻyilgan drenaj naycha tufayli uning qon bosimi bir haftada meʼyoriga tushirildi. Lekin bu hali kasallikdan butunlay xalos boʻldi degani emas edi. Balki aksincha, bemor yigitni jarrohlik amaliyotiga tayyorlash maqsadida yana bir karra kompyuter tomografiyasidan oʻtkazib, tekshirib koʻrilganida, kolibrun, yaʼni oʻpkaning chap tomoni qisilishi, plevrapolos qavati qalinlashgani, toʻqimalar yiringli qonga toʻlgani yaqqol koʻrindi.

Shundan soʻng zudlik bilan konsilium chaqirilib, tor doiradagi malakali mutaxassislarning oʻzaro maslahatlashuvidan soʻng kun sayin ahvoli ogʻirlashib borayotgan bemor oʻpkasida jarrohlik amaliyotini oʻtkazishga qaror qilindi. Bir necha kunlik davo muolajalaridan keyin uning organizmi saturatsiya koʻrsatkichi 80 foizga, qon bosimi 110ga 70 darajaga, yurak urishi — pulsi esa daqiqasiga 110 taga yetkazilgach, jarrohlik amaliyotiga ruxsat etildi.

— Operatsiya muvaffaqiyatli kechdi, – deydi yana bir davolovchi vrach-jarroh Shuhrat Toʻyev. — Oʻpkaning chap boʻlmasi ochilib, butunlay yaroqsiz holga kelgan qismidan uch litrdan ziyod yiringli quyuq qon, oʻtkir hidli ajratma olib tashlandi. Hozirda bemorning ahvoli qoniqarli darajada. Oʻpkaning tigʻ tekkan oʻrni kichik chandiq boʻlib qolishini aytmasa, yigitning boshqalar qatori sogʻ-salomat hayot kechirishiga kafolat bor.

Darhaqiqat, birqadar ogʻir jarrohlikni boshidan kechirganiga qaramasdan, Jamshid Roʻziyevning umumiy palatada bizni tabassum bilan qarshi olgani hayratda qoldirdi. Axir, “rang koʻr, hol soʻr” deb bejiz aytilmagan. Asosiysi, bir hafta burun hayotdan butunlay umidini uzib, tushkunlikka tushgan yigitning hayotga va yashashga boʻlgan zavqini, koʻzlaridagi quvonchni koʻrib, hayratlanmay boʻladimi?!

–Uch kundan keyin uyimga ruxsat berisharkan, –deydi Jamshid samimiy kulib.

— Tez tibbiy yordam mashinasida, ogʻir va deyarli hushsiz ahvolda bu yerga kelgandim. Mana, bugun meni oilam, yaqinlarim bagʻriga sogʻ-omon qaytarishayotgani uchun koʻngli ham kiyimiday oppoq, qoʻli yengil najot farishtalarimizga ming rahmat deyman.

Shu oʻrinda bir mulohaza borki, yuqoridagi jarrohlik amaliyoti butun jahon xalqlari qatorida yurtdoshlarimizni jiddiy tashvish, xavotirga solgan SOVID-19 kasalligiga qarshi erishilayotgan ilk dadil qadam, kichik muvaffaqiyatlardan biri desak, mubolagʻa emas. Holbuki, murakkab operatsiya chetdan mutaxassis ishtirokisiz, oʻziga ishongan buxorolik tibbiyot xodimlari tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Qolaversa, bu hol yana bir karra barchamizni xavfli virusga qarshi yakdil va hamjihat kurashishga, hushyor va ehtiyotkorlikka chorlashi lozim.

Buxoro viloyati hokimligi matbuot xizmati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?