Buxoroda Konstitutsiya ayyomi yangi infratuzilma bilan qarshilandi

22:17 06 Dekabr 2025 Jamiyat
285 0

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ayyomi kunlarida Buxoro tumani markazi sanalgan Galaosiyoda istiqomat qiluvchi aholi uchun bayram tuhfasi yaratildi. Bu yerda markaziy poliklinikaning 22 ming aholiga xizmat koʻrsatadigan filiali yangi binosi foydalanishga topshirildi.

— 2 milliard 548 million soʻm mablagʻ evaziga barpo etilgan ushbu inshootda galaosiyoliklarning salomatligini muhofaza qilish uchun barcha qulayliklar yaratilgan, — deydi mehnat faxriysi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Behbud Jumayev. — “Inson qadri uchun” tamoyili asosida joriy yilda viloyatimizda amalga oshirilgan bunday xayrli ishlar va loyihalarni sanab adoqlash mumkin.

Bunyodkorlik sohasi misolida, 2025-yil dasturlari doirasida 477 ta obyekt barpo etilgan boʻlib, shularning 156 tasi ijtimoiy sohaga oid inshootlardir. Viloyat aholisi Konstitutsiyamiz 33-yilligini ana shunday yutuqlar bilan bayramona kayfiyatda qarshi oldi.

Bayram munosabati bilan viloyat musiqali drama teatrida tantanali tadbir oʻtkazildi. Unda ishtirok etgan Buxoro viloyati hokimi B.Zaripov Bosh qomusimiz yurt taraqqiyotining asosiy poydevori ekanini taʼkidlab, hududda ijtimoiy-iqtisodiy yoʻnalishlarda erishilayotgan muvaffaqiyatlarga toʻxtalib oʻtdi.

Sanʼat ustalari, badiiy jamoalar hamda bolalar musiqa va sanʼat maktablari tarbiyalanuvchilari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi tadbir ishtirokchilariga koʻtarinki ruh ulashdi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?