Buxoroda “Xalqaro ziyorat turizmi” haftaligi doirasida tadbirlar boʻlib oʻtmoqda

Foto: Xalq so‘zi
Qadimiy va navqiron Buxoro ayni damda bir qator xorijiy tashkilotlar vakillari, diniy ulamolar, sayyohlik sohasi faollari ishtirokida “Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi” doirasidagi qator tadbirlarga mezbonlik qilyapti.
Mamlakatimiz Prezidentining 2022-yil 30-apreldagi “Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻtkazilayotgan mazkur tadbirdan koʻzlangan maqsad yurtimiz sayyohlik salohiyatini yuzaga chiqarish, ziyorat turizmi imkoniyatlaridan oqilona foydalanishdan iborat.
— Bilamizki, Buxoro islom dinining markazi, “Sharif shahar”, “Shaharlar imomi” kabi nomlar bilan eʼzozlanadi, — deydi yosh tadqiqotchi olim Shavkat Bobojonov. — Shahar, ayniqsa, Naqshbandiya tariqatiga asos solingan zamin boʻlgani bois ham maʼlum va mashhur. Bugun dunyoda 40 million nafardan ortiq Naqshbandiylar bor. Ularning aksariyati Turkiya, Malayziya va Indoneziyada istiqomat qiladi. Mazkur tariqatning yetti piri ziyoratgohlarining ham bir joyda, yaʼni Buxoroda ekanligi musulmon ziyoratchilari, ayniqsa, Naqshbandiylarni oʻziga doim chorlab turadi. Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v)dan boshlangan «silsilai zaxxob» (oltin zanjir) halqalarining oʻninchidan oʻn oltinchigacha boʻlgan piru komillari — Abdulxoliq Gʻijuvoniy, Orif Revgariy, Anjir Fagʻnaviy, Ali Romitaniy, Boboyi Samosiy, Amir Kulol va Bahouddin Naqshbandlar bir zaminda ekanligi ham Buxoroning ziyorat turizmi borasidagi salohiyatini koʻrsatib turibdi.
Maʼlumotlarga qaraganda, joriy yilning oʻtgan davrida Buxoro shahrida sayyohlar oqimi koʻpaygan. Chunonchi, toʻqqiz oyda Buxoroga 2 million 200 ming mahalliy, 460 ming nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Ularning salmoqli qismini ziyoratchilar tashkil etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi tashabbusi bilan bir qator tashkilotlar hamkorligida Buxoroda oʻtkazilayotgan haftalik doirasidagi dastlabki tadbir “Oʻzbekiston islomiy merosi” mavzusiga bagʻishlandi. Bahouddin Naqshband majmuasida oʻtgan bu anjumanda xorijiy mehmonlar, dinshunos olim va tadqiqotchilar qatnashdilar.
Anjumanda soʻz olgan Buxoro viloyati hokimi B. Zaripov yurtimizda islomiy qadriyatlarga boʻlgan eʼtibor haqida dalillar asosida mulohaza yuritib, Abu Hafz Kabir, Imom al-Buxoriy, Bahouddin Naqshband singari buyuk ajdodlarimizning boy merosi bugungi kunda ham ahamiyatini aslo yoʻqotmaganini, uni asrab-avaylash, kelgusi avlodlarga yetkazish borasidagi ishlar xususida toʻxtaldi. Shundan soʻng soʻz olgan Oʻzbekiston Musulmonlar idorasi raisi oʻrinbosari H. Ishmatbekov, Bahouddin Naqshband jomeʼ masjidi imom xatibi A. Razzoqov va boshqalar Oʻzbekiston islomiy madaniyati, uning ildizlari, bu madaniyatning ziyorat turizmini ravnaq toptirishdagi oʻrni xususida fikr- mulohaza yuritdilar.
Yurtimizning ushbu muazzam manzilida haftalik tadbirlari davom etmoqda.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida
- AQSH Ukraina uchun tinchlik rejasining asosiy elementini maʼlum qildi
- Poytaxt ehtiyojini taʼminlash uchun quvvati 2 ming 400 megavattli 4 ta yirik quyosh stansiyalari barpo etiladi
- Shvetsiya parlamenti Ukrainaga 600 million dollarlik harbiy yordam ajratishni maʼqulladi
- Donald Trampning hibsga olinish xavfi maʼlum boʻldi
- Rossiya Belarusda yadro quroli joylashtirishni maʼlum qildi. AQSHda xotirjamlik, Yevropa Ittifoqi esa javob berish bilan tahdid qilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring