Buxoroda “Ishbilarmon ayol-2022” koʻrik- tanlovi gʻoliblari aniqlandi

15:37 11 Avgust 2022 Jamiyat
272 0

Foto: Xalq so‘zi

Mahtob Odilova Buxoroning el tashvishida yurgan, kamtarligi bilan obroʻ-eʼtibor topgan tadbirkor ayollaridan. Tinib-tinchimas bu yurtdoshimizni qachon qaramang, bir xayrli ish boshida koʻrasiz.

— Bundan 15 yil muqaddam yengil sanoat yoʻnalishida “Banoaz  Tekstile” masʼuliyati cheklangan jamiyatini tashkil etib, oʻnlab xotin-qizlarni ish bilan taʼminlagan edik, —  deydi u. — Keyin esa faoliyatimizni kengaytirdik. Romitan va Kogon tumanlarida tashlandiq ahvoldagi besh gektar yerni epaqaga keltirib, issiqxonalar tashkil etdik. Oʻgʻil- qizlarimizning sport bilan shugʻullanib, vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlari uchun yozgi va qishki sport maydonchalari barpo etdik. Viloyatimizning turistik salohiyatini oshirishga ham oʻz hissamizni qoʻshish niyatidamiz. Shu maqsadda Buxoro shahrida 34 oʻrinli zamonaviy mehmonxona qurishni nihoyasiga yetkazyapmiz.

Mahtob opaning faoliyati xususida toʻxtalganimiz bejiz emas. Agar kishida aniq maqsad, ishtiyoq, qatʼiyat boʻlsa, davlatimiz yaratib berayotgan imkoniyatlardan foydalanib nafaqat oʻzining, balki yurtdoshlarining ham tashvishini yengillatishi, xayrli ishlari ortidan baraka topishi tayin. “Ishbilarmon ayol-2022” respublika koʻrik-tanlovining Buxoro viloyat bosqichida ana shu jihatlar eʼtiborga olinib, tadbirkorning mehnatlari alohida eʼtirof etildi. “Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida OʼzLiDeP tomonidan qadimiy Modarixon madrasasida oʻtkazilgan mazkur koʻrik-tanlovda M. Odilova birinchi oʻringa munosib koʻrildi. Qorovulbozor tumanidagi “Al-Nur”, Vobkent tumanidagi “Chinar Mushroom” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari rahbarlari - Maftuna Saidova va Chinora Yusupovaga faxrli 2- va 3- oʻrinlar nasib etdi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?