Buxoroda disk churrasini jarrohlik amaliyotisiz davolashga kirishildi

12:04 13 May 2024 Jamiyat
364 0

Arxiv surat

Istam IBROHIMOV/«Xalq soʻzi». Janubiy Koreyaning Buxoro shahridagi «Himchan» klinikasida disk churrasini yaʼni bel ogʻrigʻini ilk bor raj katetiri vositasida davolashga kirishildi. Dastlabki olti nafar bemorga neyroplastika usulida bepul muolaja koʻrsatildi.

— Kuzatishlar koʻrsatayaptiki, Oʻzbekistondagi har oʻn kishining ikki nafari bel churrasi bilan bogʻliq muammoga duch kelyapti, — deydi zamonaviy davolash usuli qoʻllanilishi munosabati bilan Buxoroga kelgan «Himchan» klinikalar tarmogʻi asoschisi va rahbari, professor Leye Su Chan. — Bu asosan haddan ziyod ogʻir jismoniy mehnat oqibatida yuzaga keladigan dard sanaladi. Biz Buxorodagi klinikamizga Janubiy Koreyadan tajribali shifokorlarimizni jalb etgan holda shunday jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazishni boshladik. Bu jarrohlar mahalliy shifokorlar bilan hamkorlikda ishlab, oʻz tajribalarini ular bilan baham koʻrishadi.

Professor Leye Su Channing taʼkidlashicha, bel churrasini jarrohlik amaliyotisiz va kesmalarsiz davolash, bunda raj katetiridan foydalanish bemorlarning tez sogʻayib, oilalari bagʻriga qaytishlariga imkon beradi. «Himchan»ning Janubiy Koreyadagi asosiy klinikasida bu borada boy tajriba toʻplangan.

— Ilgari bir qator shifoxonalarda davolanganman, — deydi bemorlardan biri Murod Ikromov. — Muolajalardan keyin belimdagi ogʻriq bir muddat yoʻqolar, keyin esa dard yana bezovta qilardi. Mazkur klinikada zamonaviy usulda davolashdi. Atigi 20 daqiqa davom etgan muolajadan soʻng oʻzimni ancha yengil his qilyapman.

Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, «Himchan» klinikasi 2019-yilda Buxoro shahrida oʻz tarmogʻini ochgan. Ayni paytda jahonning 10 ta shahrida uning filiallari faoliyat koʻrsatmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?