Buxoroda 3 – 7 yoshgacha boʻlgan bolalarning 49,2 foizi maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olingan

09:26 23 Noyabr 2020 Jamiyat
286 0

“Buxoro viloyatida maktabgacha taʼlim tizimida amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar va kelgusidagi vazifalar” mavzuida oʻtkazilgan matbuot anjumanida ana shu haqda maʼlum qilindi.

Viloyat maktabgacha taʼlim boshqarmasi boshligʻi Farhod Latipovning taʼkidlashicha, bugungi kunda viloyatda jami 1 290 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyat olib boryapti. Shuning 439 tasi davlat, 851 tasi nodavlat (26 tasi xususiy, 756 tasi oilaviy va 69 tasi davlat-xususiy sherikchilik asosida) maktabgacha taʼlim tashkilotlaridir.

Viloyatda 3-7 yoshgacha boʻlgan bolalar soni 148 514 nafar. Ularning 73 ming 41 nafari yoki 49,2 foizi maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olingan. Ushbu koʻrsatkich qamrovning 2017-yilga nisbatan qariyb 19,4 foizga oshganligini koʻrsatadi.

Joriy yil yakuniga qadar viloyatda maktabgacha taʼlim yoshidagi bolalarni maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olish koʻrsatkichini 61 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan bolalarni boshlangʻich taʼlimga majburiy bir yillik tayyorlash tizimini yana-da rivojlantirish toʻgʻrisida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan boʻlib, bugungi kunda hududdagi 6 yoshli jami 8 ming 40 nafar bola 268 ta majburiy bepul bir yillik tayyorlov guruhlariga qamrab olingan.

Sohada davlat-xususiy sherikchilik tizimini yana-da takomillashtirish uchun bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, viloyatda nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotini tuzish istagini bildirgan jami 162 nafar tashabbuskor tomonidan arizalar topshirilgan boʻlsa, bugungi kunda ularning 103 nafari bilan loyiha bitimi imzolangan.

Shuningdek, 80 ta bitim loyiha tashabbuskorlariga jami 147,7 mlrd.soʻm imtiyozli kredit mablagʻlari ajratilgan. Natijada davlat-xususiy sheriklik asosida 69 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyatini boshlagan, ular 3097 nafar oʻgʻil-qizni qamrab olgan.

Bundan tashqari, viloyat boʻyicha jami bitim imzolash istagini bildirgan tadbirkorlar 55 nafar boʻlib, jami loyihalar quvvati 6700 oʻringa moʻljallangan. Ushbu loyihalarni moliyalashtirish uchun jami 130,7 mlrd. soʻm talab etiladi.

Anjumanda shu kabi ishlar haqida atroflicha maʼlumot berilar ekan, kadrlar masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi. Zero, maktabgacha taʼlim tizimi obroʻ-eʼtibori koʻp jihatdan ularning bilim va salohiyatiga bogʻliq. Taʼkidlanishicha, 2020-yilning bugungi kuniga qadar oʻz xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan yondashgan, faoliyati davomida qonunbuzilish holatlariga yoʻl qoʻygan 40 nafar tashkilot direktoriga “hayfsan”, 2 nafar direktorga nisbatan 30 foizlik hamda 5 nafar tashkilot direktoriga nisbatan ish haqining 50 foiz miqdorida jarima intizomiy jazo chorasi sifatida koʻrilgan.

Shuningdek, 2020-yilning bugungi kuniga qadar 8 nafar boʻlim mudiri, 52 nafar tuman(shahar) maktabgacha taʼlim boʻlimi xodimlari, 315 nafar maktabgacha taʼlim tashkiloti mudirasi, 650 nafar tarbiyachi, 19 nafar logoped, 57 nafar psixolog, 23 nafar metodist, 124 nafar musiqa rahbari, 162 nafar jismoniy tarbiya yoʻriqchisi, 5 nafar defektologning malakasi oshirildi.

Tadbirda jurnalist va blogerlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?