Buxoro, Qarshi, Navoiy va Termiz olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlarida velosport turlari boʻyicha boʻlimlar tashkil etildi

16:45 01 Dekabr 2022 Siyosat
382 0

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Joriy yil 30-noyabr kuni Oʻzbekiston velosiped sporti Federatsiyasi Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligida Velosportni rivojlantirish boʻyicha Respublika kengashining ikkinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Videokonferensaloqa tarzida oʻtgan mazkur yigʻilishda Velosportni rivojlantirish boʻyicha respublika kengashi aʼzolari, vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari vakillari ishtirok etdi.

Unda mamlakatimiz Prezidentining 2021-yil 24-sentyabrdagi “Velosportni rivojlantirishga doir kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi, xususan, velosport turlarini aholi oʻrtasida ommaviyligini oshirish, Milliy terma jamoa aʼzolarini Osiyo va Paraosiyo oʻyinlarida, Osiyo chempionatlari, Jahon chempionatlari va kuboklari hamda boshqa yirik musobaqalarda munosib ishtirok etishi, yuqori natijalarga erishishini taʼminlash kabi bir qator muhim masalalar muhokama qilindi.

Oʻzbekiston velosiped sporti federatsiyasi Raisi T.Narbayeva jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan yoshlar oʻrtasida paravelosport turlarini ommaviyligini oshirish hamda iqtidorli yoshlarni aniqlash hamda saralash boʻyicha federatsiya va Milliy paralimpiya qoʻmitasi bilan hamkorlikda tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilganini taʼkidlab, yaratib berilgan sharoitlardan unumli foydalangan yoshlarimiz xalqaro musobaqalarda oʻz iqtidorlarini koʻrsatib, 2022-yili Dushanbe shahrida boʻlib oʻtgan Para Osiyo chempionatida umumjamoa hisobida 1-oʻrinni egallaganini alohida qayd etib oʻtdi.

Umuman 2022-yilda terma jamoa aʼzolari nufuzli xalqaro musobaqalarda 50 ta medalni qoʻlga kiritdi. Jumladan, terma jamoa Islom birdamligi oʻyinlarida ham umumjamoa hisobida 1-oʻrinni egalladi. Shuningdek, UCIning Osiyo qitʼasi reytingida “Tashkent City Women Professional Cycling Team” jamoasi 1-oʻrinni (Dunyo reytingida 20-oʻrin), “Tashkent City Professional Cycling Team” jamoasi 3-oʻrinni (Dunyo reytingida 40-oʻrin) egalladi.

Prezidentimizning 30-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining oʻttiz bir yilligi munosabati bilan fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, sport, adabiyot, madaniyat sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisidagi farmoniga muvofiq, velosport boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Olga Zabelinskaya “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sportchi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.

Velosport rivoji uchun hududlarda tegishli infratuzilmani rivojlantirish ishlari ham olib borilmoqda. Jumladan, Jizzax shahridagi Sangzor koʻli hududida dunyo andozalariga javob beradigan BMX sport majmuasi barpo etildi va unga Xalqaro velosipedchilar ittifoqi tomonidan Sertifikat topshirildi.

2022-yilda Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani togʻ hududida velosportning «MTV» togʻ velosporti ekstrimal turi boʻyicha Xalqaro velosipedchilar uyushmasi (UCI) talablariga javob beradigan xalqaro velosport musobaqalari oʻtkazishga moʻljallangan 5.5 km masofadagi birinchi velosiped yoʻlagi (trassa) xalqaro mutaxassislarni jalb qilgan holda barpo etildi.

Buxoro, Qarshi, Navoiy va Termiz olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlarida velosport turlari boʻyicha boʻlimlar tashkil etildi.

Shu bilan birga Velosport federatsiyasining viloyat boʻlinmalari faoliyatini yuritishi uchun moddiy-texnik bazani yaratib berishda hududlarda kamchiliklar borligi ham aytib oʻtildi. Xususan, hududiy boʻlinmalar uchun mahalliy byudjetning orttirib bajarilgan qismidan har yili 40 donadan velosiped ajratish, shuningdek, velosipedchilarning harakat xavfsizligini taʼminlash maqsadida 2 tadan “Damas” rusumli avtotransport ajratish ishlari Andijon va Buxoro viloyatlarida eʼtibordan chetda qolib ketgan.

Yigʻilishda sport-taʼlim muassasalarini velosport turlari boʻyicha davlat va xalqaro standartlarga toʻliq javob beradigan sport anjomlari, jihozlari, kiyimlari va ekipirovkasi bilan taʼminlash masalasi, Oʻzbekiston velosport federatsiyasi huzuridagi Oʻzbekiston professional velosipedchilar sport klubi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar tahlil qilindi.

Hududlarda paravelosportni rivojlantirish maqsadida sport taʼlim muassasalarida iqtidorli parasportchilar bilan mashgʻulot olib boradigan malakali trenerlar, sport inventarlari (velosipedlar) bilan taʼminlashni yoʻlga qoʻyish yuzasidan takliflar bildirildi.

Shuningdek, velosportni rivojlantirish uchun infratuzilma zarurligi, buning uchun shart-sharoitlar yaratish, bunda ayniqsa, hududlarga eʼtibor qaratish lozimligi, Federatsiyaning boʻlinmalari va sport obyektlarida moliyaviy va moddiy-texnik bazani mustahkamlashga qaratilgan ishlarni jadallashtirish kerakligi taʼkidlandi. Hududlarda velosport turlariga ixtisoslashgan turli sport majmualari qurilishi boʻyicha rejalarning bajarilishi bilan bogʻliq holatlar ham koʻrib chiqildi.

Oʻz navbatida, yigʻilish davomida velosport turlarini hududlarda rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar, istiqboldagi rejalar, shu jumladan, ushbu sport turlariga yoshlarni keng jalb qilish, ularni aniqlash, tanlash va saralab olish (seleksiya) professional sportchilar sifatida tayyorlash vazifalari belgilab olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер