Buxoro davlat tibbiyot institutining 1-bosqich talabalari Afshona qishlogʻida qasamyod qabul qilishdi

15:42 07 Sentyabr 2022 Jamiyat
379 0

Foto: Institut axborot xizmati

Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutining 1-bosqich talabalari alloma tugʻilib oʻsgan Peshku tumanidagi Afshona qishlogʻida buyuk tabib haykali poyida qasamyod qabul qilish marosimi oliygoh tashkil etilgan kundan buyon anʼanaviy tarzda davom etmoqda.

Foto: Institut axborot xizmati

Institut axborot xizmati tomonidan “Xalq soʻzi”ga maʼlum qilinishicha, joriy yilda ham institutga qabul qilingan 1100 nafarga yaqin boʻlajak shifokorlar kasbiga sadoqatli boʻlish, har qanday sharoitda tibbiy yordam koʻrsatishga, oʻz manfaatiga berilmaslik uchun bor kuch va gʻayratini sarflashga, halol boʻlishga qasamyod qildi. Abu Ali ibn Sino yodgorlik poyiga gullar qoʻyib, hurmat bajo keltirdi. Shuningdek, yoshlar fikrlar va ishlar pokligi, yuksak ishonch va ajralmas najot ramzi sifatida oq xalat kiyishning ramziy marosimini oʻtkazildi.

Institutda talaba-yoshlarning puxta bilim olishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Buxoro shahridagi barcha tibbiyot muassasalari va tumanlarda klinik bazalar tashkil etilib, nazariy va amaliy jarayon parallel olib borilmoqda.

Foto: Institut axborot xizmati

Shu bilan birga joriy oʻquv yilida ishga tushishi moʻljallangan yangi kampusda zamonaviy simulyatsion markaz tashkil qilinib, zamonaviy simulyatorlar bilan jihozlangan. Bundan tashqari, institutda barcha kurslarida ayrim mutaxassislik fanlarini ingliz tilida oʻqitish yoʻlga qoʻyilgan. Institut tomonidan soʻnggi uch yil mobaynida xorijiy mamlakatlarning ellikka yaqin nufuzli oliy taʼlim muassasalari va kompaniyalari bilan oʻzaro hamkorlik boʻyicha memorandumlar imzolangani ham diqqatga sazovor.

Rossiya, Hindiston, Xitoy, Polsha, Italiya kabi davlatlarning nufuzli universitetlari bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlari tashkil etilib, unda ham talabalar qabul qilinmoqda.

Taʼkidlash joizki, bu yil Buxoro davlat tibbiyot instituti Oʻzbekiston oliy oʻquv yurtlari milliy reytingida oʻtgan yilga nisbatan 2 pogʻonaga koʻtarilib, 10-oʻrinni egalladi.

Talabalarning qasamyod qabul qilish tadbirida Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshayev, Peshku tumani hokimi Vahob Qahhorov hamda shu kunlarda Buxoro viloyatida oʻtkazilayotgan “Birinchi Oʻzbekiston — Isroil akademik forumi”da ishtirok etayotgan isroillik olimlar, rektorlar ishtirok etishdi.

Tadbir doirasida Abu Ali ibn Sino muzeyiga sayohat ham tashkil qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?