Bugungi tanlov ertangi kun istiqboli uchun xizmat qiladi

22:43 18 May 2022 Jamiyat
379 0

Foto: Халқ сўзи

Ayni kunlarda Fargʻona viloyati hududlarida amaldagi qonunchilik meʼyorlari asosida mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) saylovi uyushqoqlik bilan oʻtkazilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi Manzura Salimova hududlarda boʻlib, masʼullar bilan saylov jarayonlarining tashkiliy-huquqiy jihatlari xususida suhbatlashmoqda. Saylovchilar vakillarining faolligi, xohish-istaklari bilan qiziqyapti.

Oʻtgan ikki kun davomida senator Qoʻqon shahrining “Bunyodkor”, “Oltin vodiy”, “Ashurali Zohiriy”, Quvasoy shahrida joylashgan “Ziynat”, “Hamid Olimjon” mahallalarida saylov jarayonlarini kuzatdi.

Fargʻona shahridagi “Nodirabegim” MFYda oʻtgan saylovda uch nafar nomzod yigʻilganlarni oʻz dasturi bilan tanishtirdi. Shundan soʻng 1 ming 675 nafar saylovchilar nomidan qatnashgan 290 nafar vakil yashirin ovoz berish orqali amaldagi rais Mohira Mirzaahmedovaga yana bir bor ishonch bildirdi.

Saylovni bevosita kuzatgan senator Manzura Salimova har bir hududda fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi shahar komissiyasi raisi va aʼzolari, ishchi guruhlari hamda mahalliy Kengash deputatlari bilan saylov qonunchiligiga toʻliq rioya etilishi yuzasidan muloqotlar oʻtkazdi.

— Bu borada masʼuliyat va daxldorlik tuygʻusi muhim ahamiyatga ega, — deydi senator M. Salimova. — Boisi, bugungi tanlov mahallaning ertangi kun istiqboli uchun xizmat qiladi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?