Bugun Toshkentda “Professional boks kechasi”  tashkil etiladi. Markaziy jangda Shohjahon Ergashev ringga koʻtariladi

10:32 11 Iyun 2021 Sport
468 0

Kecha poytaxtimiz koʻrkiga koʻrk qoʻshib turgan Tashkent City har qachongidan fayzli boʻldi. Bu yerda 11-iyun oqshomida poytaxtimizda oʻtkaziladigan “Professional boks kechasi” oldidan bokschilarni taroziga tortish marosimi, koʻz urishtirish hamda matbuot anjumani tashkil etildi.

“Yunusobod” sport majmuasida tashkil etiladigan “Professional boks kechasi”da quyidagi juftliklar ringda oʻzaro kuch sinashadi:

Dastlab, “Professional boks kechasi”ning asosiy ishtirokchilari taroziga tortildi va koʻz urishtirishdi. Eʼtiborlisi, barcha sportchilar belgilangan vazndagi ogʻirlikni qayd etishdi.

Shundan soʻng tadbirga yigʻilgan ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda professional boks ishqibozlari, qaysiki Shohjahon Ergashevning muxlislari uchun matbuot anjumani tashkil etildi.

Aleksandr Saltыkov (Rossiya): — Oʻzbek xalqining mehmondoʻstligi haqida koʻp eshitgan edim, bu safar bunga oʻzim guvoh boʻldim. Xalqingizning madaniyatiga, mehmondoʻstligiga va samimiyligiga qoyil qoldim. Hech mubolagʻasiz aytishim mumkin, men oʻzim uchun yana bir sevimli maskanni kashf qildim. Oʻylaymanki, “Professional boks kechasi” ham yuqori saviyada tashkil etiladi va muxlislar ketgan vaqtiga aslo achinmasligiga ishonaman.

Jengo Yoyeza Salimu (Tanzaniya): – Shohjahon Ergashevga qarshi kechadigan jang borasida ortiqcha gapirmoqchi emasman. Umid qilamanki, “Professional boks kechasi”ning tashkiliy jihatlarida muammo boʻlmaydi. Boʻlajak jangga qanday tayyorgarlik koʻrganimni esa ring koʻrsatib beradi.

Shohjahon Ergashev (Oʻzbekiston): – Koʻpchilik mendan soʻrashadi, nega haligacha chempionlik jangida ishtirok etmagansiz, qachon kamar uchun jang qilasiz, deb. Bilasizmi, professional boksda bu narsalar bilan sportchi emas, promouterlar shugʻullanishadi. Afsuski, men hamkorlik qilgan promouterlik kompaniyasi shu paytgacha chempionlik jangini tashkil qilolmadi. Oʻzim bilan sodir boʻlgan vaziyatni koʻrib, qolaversa, ortimdan menga havas qilib professional boksga kirib kelayotgan yoshlar bilan ham shunday muammolar tugʻilishining oldini olish maqsadida oʻzimning promouterlik kompaniyamni tashkil etdim. Hozirda kompaniyam chempionlik jangimni qisqa muddatlarda uyushtirish borasidagi saʼy-harakatlarni boshlab yuborgan. Toshkentda boʻladigan jangimga kelsak, ilk marotaba ota-onam, yaqinlarim, yurtdoshlarim koʻz oʻngida jang qilyapman, hayajon kuchli. Sportchi uchun oʻz yurtidan koʻra chetda jang qilish oson ekan. Yana bir gap, ertangi jangda otam yonimda boʻladi. Ularni oldida, muxlislarimning qoʻllab-quvvatlashi ostida faqat gʻalaba uchun jang qilaman. Raqibim haqida qisqacha gapiradigan boʻlsam, Salimu ham, men ham hujumkor boks namoyish etamiz. Ertaga kim birinchi boʻlib ortga chekinar ekan, bu savol oʻzim uchun ham qiziq. Ammo, shuni ishonch bilan aytishim mumkin, yurtdoshlarim koʻz oʻngida aslo ortga chekinmayman.

Shundan soʻng bokschilar ishtirokida master-klass namoyish etildi.

Eslatib oʻtamiz, 11-iyun oqshomiga belgilangan janglar soat 19:00dan “Yunusobod” sport majmuasida boshlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?