Bugun Toshkentda ogʻir atletika oʻyicha Osiyo chempionati start oladi. Yefremovga esa olimpiada medali topshirildi
Foto: Hasan Paydoyev ("Xalq so'zi")
Bugun poytaxtimizda ogʻir atletika oʻyicha Osiyo chempionati start oladi. Kecha Wyndham mehmonxonasida mazkur musobaqaga bagʻishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda MOQ raisining birinchi oʻrinbosari Ravshan Irmatov, Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari, Osiyo ogʻir atletika federatsiyasi vitse-prezidenti Shahrullo Mahmudov, Osiyo ogʻir atletika federatsiyasi vitse-prezidenti Abdulla al Jermal, musobaqada ishtirok etadigan taniqli sportchilar, jumladan, Rio-2016 Olimpiadasi chempioni, Olimpiya oʻyinlari rekordchisi Ruslan Nurudirov, Rio-2016 Olimpiadasi kumush medal sohibi va 3 karra JCH sovrindori filippinlik Xedelin Dias, OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbir oʻzbek sporti uchun unutilmas voqeliklardan biri bilan boshlandi. Bir necha oy avval xorijiy manbalarda raqiblarning doping tahlilidan musbat natija chiqqach, hamyurtimiz Ivan Yefremevga London-2012 Olimpiadasining bronza, Dolera Davronovaga esa Buenos-Ayres-2018 oʻsmirlar Olimpiadasining kumush medali topshirilishi haqida xabarlar tarqalgan edi. Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi tomonidan yoʻllangan sportchilarimizning medallari Toshkentga yetib keldi va bugun ular oʻz egalariga taqdim etildi. Medallarni MOQ raisining birinchi oʻrinbosari Ravshan Irmatov topshirdi.
«Navbatdagi Osiyo chempionati pandemiya davridagi ilk musobaqa, shuningdek, Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlaridan avval qitʼamiz uchun soʻnggi turnir ham hisoblanadi. Osiyo ogʻir atletika sportida jahonda yetakchi qitʼa hisoblanadi. Rio Olimpiadasi misolida aytsak, unda 15 oltin medaldan 13 tasi aynan qitʼadoshlarimizga nasib etgan. Osiyo chempionatida koʻplab jahon va Olimpiya oʻyinlari chempionlari ishtirok etishadi. Jumladan, yetakchi sanalgan Xitoy jamoasi ham eng kuchli 18 nafar atlet bilan kelmoqda. Shu bois bellashuvlar qiziq oʻtishiga hech qanday shubha yoʻq», – dedi Shahrullo Mahmudov.

Ivan Yefremov ham endi Olimpiya sovrindorlari qatori taqdirlanadimi, degan savol koʻpchilikda paydo boʻlgan. Bu savolga MOQ raisining birinchi oʻrinbosari quyidagicha javob berdi:
“Medal qisqa muddat ichida yetib keldi. Shu bois bugun uni tantanali ravishda topshirishga qaror qildik. Pul mukofotlari bilan taqdirlash boʻyicha hukumatimizga murojaat qildik. Sportchilarimiz doimo davlatimiz tomonidan qoʻllab kelingan. Ishonamizki, Yefremov ham oʻz mehnatiga munosib mukofotini oladi”.
“Bundan juda ham xursandman. Kechroq boʻlsa ham mamlakatimizning ogʻir atletika boʻyicha Olimpiadalardagi ilk medaliga mualliflik qilmoqdaman. Hissiyotimni soʻz bilan ifodalash qiyin”, – deya oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashdi Ivan Yefremov.
Tadbir davomida Dolera Davronovaga ham Buenos-Ayres-2018 oʻsmirlar Olimpiadasining kumush medali topshirildi. Shundan soʻng musobaqaning tashkiliy jarayoni, sportchilarimizning holati, Tokio-2020 Olimpiadasiga olib borilayotgan tayyorgarlik boʻyicha savol-javoblar oʻtkazildi.
Hasan Paydoyev ("Xalq so'zi") olgan suratlar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Inson Faxri” milliy mukofoti sohiblari taqdirlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring