Bugun Samarqand shahrida yoshlar festivali boshlandi

14:24 23 Iyun 2022 Jamiyat
273 0

Foto: Xalq so‘zi

Samarqand shahrida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida yoshlar festivalining asosiy tadbirlari bugun Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek va Alisher Navoiy bobolarimiz haykallari poyiga gul qoʻyish bilan boshlandi. Marosimlarda Samarqand viloyati hokimi E. Turdimov, viloyat sektor rahbarlari, faollari, keng jamoatchilik vakillari hamda yoshlar ishtirok etdi.

Ayni paytda festival doirasida respublika boʻylab oʻtkazilayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi”ning stritbol sport turi boʻyicha mamlakat bosqichi bahslari Samarqand shahridagi sportning oʻyin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashgan maktabida boʻlib oʻtmoqda. Kechqurun esa sektor rahbarlari boshchiligida “Zakovat” intellektual oʻyini oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Festivalning birinchi kuni “Moʻjiza” amfiteatrida tashkil etiladigan gala-konsert bilan yakunlanadi.

Toʻrt kun davom etadigan festival dasturiga koʻra, 24-25-iyun kunlari viloyat hokimining maktab va professional taʼlim muassasalari bitiruvchilari bilan uchrashuvi, maktab bitiruvchilari oʻrtasida 14 fandan “Viloyat hokimi olimpiadasi”ni tashkil etish, taniqli ijodkorlar ishtirokida ijodiy suhbatlar, sport musobaqalari, intellektual oʻyinlar, harbiy texnikalar koʻrgazmasi oʻtkazish koʻzda tutilgan.

Festivalning toʻrtinchi kuni Samarqand shahrida “Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda birga yuguramiz” shiori ostidagi “Yangi nafas” yugurish marafoni boʻlib oʻtadi.

Abdulaziz Yoʻldoshev. “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?