Bugun Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan yoshlarga berilayotgan eʼtibor qay darajada?

23:18 02 Iyul 2021 Madaniyat
1910 0

Foto: O'zA

Oʻzbekiston Milliy matbuot markazida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan yoshlarga berilayotgan eʼtibor masalalari” mavzusida navbatdagi matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining ijrosini taʼminlash boʻyicha qilinayotgan va qilinishi kerak boʻlgan bir qator ishlar koʻrib chiqildi.

Jumladan, “Abdulla Oripov izdoshlari”, “Oʻtkir Hoshimov asarlari bilimdoni” koʻrik-tanlovlarining birinchi bosqichi barcha tuman va shaharlarda oʻtkazildi. Ularga mamlakatimizdagi 9000 ga yaqin umumtaʼlim maktablari jalb etildi. Tanlovlarning viloyat bosqichi may oyining ikkinchi yarmida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlarida boʻlib oʻtdi. Bosqich yakuniga koʻra, “Abdulla Oripov izdoshlari” koʻrik-tanlovi boʻyicha bir nafar, “Oʻtkir Hoshimov asarlari bilimdoni” koʻrik-tanlovi boʻyicha bir nafar, atoqli adiblar nomi bilan ataluvchi ijod maktablaridan ham xuddi shunday ikki nafardan jami 46 nafar ishtirokchi Respublika bosqichiga yoʻllanma olishdi. Respublika bosqichi joriy yil oktyabr oyining birinchi yarmida oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda.

“Buyuk oʻzbek yoʻli” nomli maqolalar toʻplami, “Kelajakka boshlaydi ishonch” nomli sheʼriy asarlar majmuasi, “Orzular xiyoboni” nomli nasriy asarlar toʻplami uchun asarlarni saralash va tahrir qilish ishlari olib borilmoqda.

“Katta adabiyot bayrami” haftaligi doirasida 72 ta maʼnaviy-maʼrifiy oʻtkazilib, ularga 120 nafar ijodkorlar jalb etildi. 2021-yil 5-7-aprel kunlari Boʻzatov tumanida sheʼriyat festivali boʻlib oʻtdi. Festival jarayonida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan 400 ga yaqin kitoblar yosh ijodkorlar va kutubxonalarga hadya etildi. 50 nafarga yaqin Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari ijodiy mashgʻulotlar va tadbirlarda qatnashdi. Festival doirasidagi tadbirlarda ikki mingdan ortiq aholi, yoshlar va keng kitobxonlar ommasi ishtirok etdi. Festival yakunida ijodkorlar tomonidan oʻndan ortiq sheʼr va maqolalar yozildi va matbuotda eʼlon etildi.

Shoir va tarjimon Hamza Oʻzturkchi tomonidan nashrga tayyorlangan “Zamonaviy oʻzbek hikoyalari” nomli toʻplam Turkiyaning Anqara shahridagi “Hece Yayinlari” nashriyotida nashr etildi. Undan Erkin Aʼzam, Oʻtkir Hoshimov, Nurali Qobul, Nazar Eshonqul, Luqmon Boʻrixon, Ulugʻbek Hamdam kabi ustoz ijodkorlardan tortib, Jasur Kengboyev, Nodirbegim Ibrohimova, Javlon Jovliyev kabi yosh ijodkorlarning ham ijodiy ishlari oʻrin olgan.

2021-yilgi Respublika yosh ijodkorlarining anʼanaviy Zomin seminarining hududiy saralash bosqichlarida 160 nafardan ziyod yosh ijodkorlar ishtirok etdi. Barcha hududiy va mintaqaviy bosqichlari muvaffaqiyatli oʻtkazilib, 67 nafar yosh ijodkor Respublika bosqichida qatnashish uchun yoʻllanma oldi.

Yozuvchilar uyushmasi qoshida tashkil etilgan “Zulfiyaxonim qizlari” klubi aʼzolari ishtirokida Yozuvchilar uyushmasida 11-marta, Adiblar xiyobonida 6-marta uchrashuv va muloqot, 16-marta onlayn mushoira oʻtkazildi. Klub aʼzolaridan 3 nafar iqtidorli qiz Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor boʻldi.

2021-yilda 3-marta — 20-yanvar, 25-fevral, 16-aprel kunlari “Zomin” seminarining 2018-2020-yillardagi ishtirokchilari boʻlgan yosh ijodkorlarning “Birinchi kitobim” loyihasida chop etilgan 38 ta kitobi taqdimot marosimi boʻlib oʻtdi. Yozuvchilar, shoirlar, dramaturglar, adabiyotshunos olimlar, tarjimonlar, yosh ijodkorlar ishtirok etgan marosimlarda mualliflarga qalam haqi va oʻz kitoblari topshirildi. Taqdimot tadbirlarida 9 nafar yosh ijodkor Yozuvchilar uyushmasi aʼzoligiga qabul qilinib, guvohnomalar topshirildi.

Joriy yil mart oyidan boshlab Adiblar xiyobonidan samarali foydalanish hamda yosh ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning ijod namunalaridan keng jamoatchilikni xabardor etish maqsadida har shanba kuni “Xiyobon oqshomlari” madaniy-maʼrifiy tadbirlari oʻtkazib kelinmoqda.

Mamlakatimizda ijod qilayotgan isteʼdodli yosh ijodkorlarning asarlaridan iborat toʻplamlarni chet tillarda nashr etish va xorijda keng targʻib qilish maqsadida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan maxsus ishchi guruh tashkil etilib, yosh ijodkorlarning ijodiy ishlari tengdoshlari tomonidan ingliz, rus, turk va boshqa tillarga tarjima qilindi. Ayni paytda mazkur ijodiy ishlar saralanib, kitob holida chop etishga tayyorlanmoqda.

Rahmatjon Bobojonov
(“Xalq soʻzi”) yozib oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?