“Bugun bogʻchalarda ishlayotgan pedagoglarning 20 foizga yaqini oliy maʼlumotli, xolos. Ular ham 1 mln.soʻm atrofida maosh olishmoqda”

13:55 25 Noyabr 2020 Jamiyat
603 0

2021-yilning byudjeti juda optimistik ruhda koʻrib chiqildi. Hukumat tomonidan imkoniyatlar va xohishlar muvozanatiga erishish uchun jiddiy ishlangan. Doimgidek, masala ustuvorliklarda.

“Milliy tiklanish” partiyasi oʻzining “Inson oʻzgarmasa jamiyat oʻzgarmaydi” degan gʻoyasidan kelib chiqib 2021-yilda ayrim masalalarga eʼtiborni kuchaytirish zarur deb hisoblaydi. Jumladan:

1) Uygʻonish davrining ostonasi maktab ekanligi taʼkidlandi. 10 mingta maktabning 3 mingtasida oshxona yoʻq. Borlarida ham, sharoit kutilganidan juda uzoqda. Fransuz pedagogi Guy Jakuin 18 yoshgacha boʻlgan bola organizmini porox bochkasiga oʻxshatadi: «...uning har bir aʼzosida soatbay ogʻriqli oʻzgarishlar yuz beradi. Bu juda ogʻir psixo-fiziologik stressni yuzaga keltiradi. Bu jarayonning katta qismi maktabda oʻtadi. Bola bu davrda hayotini izdan chiqarib yuboradigan mantiqsiz qarorlar qabul qilishi shu stressning taʼsiridir. Bu stressni samarali oziqlantirish orqali oʻsishga xizmat qildirish kerak», degan xulosani beradi. Demak, maktablarimizda mayda huquqbuzarliklardan boshlab, jinoyatgacha yuz berayotganligi oshxonalar bilan bogʻliq. Taklif, davlat-xususiy sherikchilik asosida, barcha maktablarda oshxonalar faoliyati yoʻlga qoʻyish kerak. Kam daromadli ish ekanligidan kelib chiqib maktab oshxonalarini yuritadigan tadbirkorlarga imtiyozlar koʻzda tutilishi muhim.

2) Maktabgacha taʼlim sohasida keng qamrovli qurilish ishlari olib borilmoqda. Bu juda yaxshi, lekin zamonaviy muassasa boʻlsayu, mazmuni boʻlmasa maqsadga erishib boʻlmaydi. Bugun bogʻchalarda ishlayotgan pedagoglarning 20 foizga yaqini oliy maʼlumotli, xolos. Ular ham 1 mln.soʻm atrofida maosh olishmoqda. Muammolarga toʻla tarbiyachini bolaga mehr koʻrsatishiga ishonish qiyin. Bogʻchada bola agressiv munosabat koʻrdi degani 10-15 yildan keyin jamiyatda agressiv kayfiyat kafolatlanadi degani. Prezidentimiz tomonidan bekorga maktabgacha taʼlimga jiddiy eʼtibor qaratilayotgani yoʻq. Chunki bu davr poydevor davr. Poydevor mustahkam boʻlmasa uning ustiga qurilgan bino mustahkam boʻlmaydi. Maktabgacha taʼlim tizimini professional pedagoglar bilan taʼminlash va ularning qadrini koʻtarish masalasi jiddiy oʻylanishi kerak.

3) Prezident tashabbusi bilan tashkil etilgan “El-yurt umidi” fondi mamlakatimizga qisqa muddatlarda saviyali kadrlarni yetkazib berishi kerak. Bu fond yetarli moliyalashtirilmayapti. Misol sifatida Qozogʻistonning “Boʻlajak” fondini keltirish mumkin. Bu fondning byudjeti 100 mln.dollarni tashkil etadi. Ular bugungacha 16 mingga yaqin sifatli davlat xizmatchisini tayyorladilar.

Mamlakatimizni qudratli boʻlishi iqtisodiy quvvatimizni oshirish bilan bir qatorda inson kapitaliga tikiladigan sarmoyaning miqdori va sifatiga ham bogʻliq.

Prezident tomonidan deputatlar bilan uchrashuvda bir gap aytilgan edi: “Pulni topamiz. Investitsiyalar jalb qilamiz. Iqtisodimiz albatta rivojlanadi. Lekin mehnatlarni qadrlaydigan avlodni tarbiyalay olmasak qilgan ishlarimiz behudaga ketadi".

Alisher QODIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari,
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi
fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?