Bu urush koʻplab qurbonlarga va insonlar aziyatlariga sabab boʻladi — Xalqaro hamjamiyat Rossiyaning Ukrainaga hujumini keskin qoralamoqda

17:24 24 Fevral 2022 Dunyo
1214 0

Foto: NTV

Payshanbaga oʻtar kechasi Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina hududida “maxsus harbiy amaliyot” boshlanganini eʼlon qildi. Uning Rossiya xalqiga qilgan murojaatida bildirishicha, bundan maqsad “Kiyev rejimi tomonidan sakkiz yildan beri tahqirlanib, genotsidga duchor qilinib kelayotgan odamlarni himoyalash”, «Ukrainani demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilish» hamda “tinch aholi vakillari, shu jumladan Rossiya Federatsiyasi fuqarolariga qarshi koʻplab qonli jinoyatlarni sodir etganlarni sudga tortish”dir.

Ukraina poytaxti Kiyev, Xarkov va boshqa shaharlarda portlashlar roʻy bergani haqida xabarlar tarqalmoqda. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy butun mamlakat boʻylab favqulodda holat eʼlon qildi. Butun Ukraina boʻylab aviaqatnovlar toʻxtatilgan. Zelenskiyning soʻzlariga koʻra, aerodromlar va boshqa infratuzilmalar hujumga tutilgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainaning harbiy mudofaa tizimi va avia bazalari ishdan chiqarilgani va Ukraina chegarachilari hech qanday qarshilik koʻrsatmayotgani haqida xabar tarqatdi.

Ukraina chegarachilariga koʻra, Ukraina hududiga nafaqat Rossiya, balki Belorus hududidan ham hujum qilingan. Biroq, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakat harbiylari Rossiya Donbassda oʻtkazayotgan maxsus amaliyotda ishtirok etmayotgani haqida bayonot berdi. Bu haqda Belarus hukumatiga tegishli BelTA xabar qildi. Lukashenko 24-fevral kuni ertalab Putin bilan telefon orqali muloqot qilganini aytdi va “Putin amaliyot oʻtkazishdan maqsad Donesk hamda Lugansk viloyatlarida aholi genotsidini toʻxtatish ekanini bildirdi”, deb maʼlum qildi.

Ukraina chegara xizmatining bildirishicha, “chegara qismlariga, patrullar va oʻtkazish punktlariga hujum” artilleriya, ogʻir harbiy texnika va oʻqotar qurollar vositasida amalga oshirilmoqda.

CNN telekanali Belarus — Ukraina chegarasi hududiga jamlangan Rossiya harbiy texnikasi aks etgan videoni namoyish etdi. Xabarda video Belarusning Veselkovo va Ukrainaning Senkova aholi punktlari chegaradosh boʻlgan hududida soat 6:48 da olingani aytilgan.

BMT Xavfsizlik Kengashi jangovar hodisalar boʻyicha majlisga yigʻilgan. BMT Bosh Kotibi Antoniu Guterrish “Prezident Putin, qoʻshinlaringizni Ukrainaga hujum qilishdan toʻxtating!”, deya murojaat qildi. BMT Xavfsizlik Kengashi yigʻilishida Ukraina vakili Rossiyani urush boshlashda aybladi. Rossiya vakili aytishicha, bu “asoslangan harbiy amaliyot”.

Guvohlarga koʻra, hozirda Ukraina hududiga tinimsiz raketa otilmoqda. Ukraina IIV harbiy boshqarma markazlari, aerodromlar, harbiy omborlar nishonga olinayotgani, Kiyev, Xarkov, Dneprga raketalar otilayotgani haqida maʼlumot tarqatdi.

Rossiya Mudofaa vazirligi raketa zarbalari Ukraina shaharlariga emas, harbiy infratuzilma, aviatsiya, havoga qarshi mudofaa obyektlari, harbiy aerodromlarga berilayotganini aytmoqda.

Ukraina nashrlari xabarlariga koʻra, Rossiya qoʻshinlari Xarkov hududida Ukraina chegarasini kesib oʻtgan. Shuningdek, Mariupol va Odessaga Rossiya desantlari tashlangani aytilmoqda.

AQSH prezidenti Jo Bayden Rossiyaning Ukrainaga hujumini qoraladi va uni “asossiz bosqinchilik” deb atadi.

“Prezident Putin avvaldan rejalashtirilgan urush yoʻlini tanladi, bu urush koʻplab qurbonlarga va insonlar aziyatlariga sabab boʻladi. Bu urushdagi barcha talafotlar uchun faqat Rossiya masʼuldir. Qoʻshma Shtatlar va uning ittifoqchilari yakdillik va qatʼiylik bilan javob qaytaradi. Jahon hamjamiyati Rossiyani javobgarlikka tortadi”, deb bayonot berdi Bayden.

Yevropa Ittifoqi bir necha soat ichida aʼzo davlatlar liderlari yigʻilishi oʻtkazilishini va Rossiyaga qarshi favqulodda sanksiyalar joriy etilishini bildirdi.

NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Rossiyaning Ukrainaga “mulohazasiz va hech bir provokatsiya boʻlmagan holda qilgan hujumi”ni keskin qoraladi. U Rossiyani harbiy harakatlarni zudlik bilan toʻxtatishga hamda Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilishga chaqirgan.

Sanksiyalarni kuchaytirish rejalari haqida Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson ham maʼlum qildi. U 24-fevral kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqotida “prezident Putin ukrain xalqiga qarshi oʻz kampaniyasini olib borayotgan paytda Gʻarb qoʻl qovushtirib turmasligi”ni, Ukrainaga koʻmak koʻrsatishda davom etishini bildirgan.

Chexiya bosh vaziri Petr Fiala Rossiyaning xatti-harakatlarini «severen davlatga qarshi oʻrinsiz agressiya akti» deb atadi. “Urush biz tan olishimiz mumkin boʻlganidan ham yaqinroq. Biz Ukraina dastaklarkan, oʻz mamlakatimizni himoya qilamiz”, dedi Chexiya ichki ishlar vaziri Vit Rakushan.

Xitoy TIV vakili esa rasmiy Pekin Rossiyaning Ukrainaga qarshi amaliyotini “tajovuz” deb hisoblamasligini maʼlum qildi. Shuningdek, Rossiyaga xayrixohligi aytiladigan prezident Milosh Zeman hozircha izoh berganicha yoʻq.

Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto urush — eng yomon ssenariy ekanini aytdi, biroq Rossiyani toʻgʻridan-toʻgʻri qoralashdan oʻzini tiydi. Umuman, yuqori martabali venger mulozimlaridan hozircha hech biri qoralovchi mazmunda bayonot bergani yoʻq. Viktor Orban bugun YEI liderlarining shoshilinch sammitida qatnashish uchun Bryusselga keladi.

Polshada Ukrainadan qochib kelayotgan odamlarni qabul qilish uchun maxsus joylar tashkil etilmoqda, qochqinlar ovqat, tibbiy yordam va zarur axborot bilan taʼminlanadi. Avvalroq Polsha NATOdan aʼzo mamlakatlardan biriga tahdid boʻlgan paytda shoshilinch maslahatlar olish imkonini beruvchi 4-moddani faollashtirishni iltimos qilgan edi.

Latviya ham NATOga ayni iltimos bilan chiqdi va Rossiyani “Ukraina suverenitetiga, uning xalqi va demokratiyasiga qarshi harbiy tajovuz”ni toʻxtatishga chaqirdi. Litva esa favqulodda holat tartibini joriy etdi.

Moldova favqulodda holat tartibini joriy etmoqda va, prezident Mayya Sanduga koʻra, Ukrainadan oʻn minglab odamni qabul qilishga tayyor. Moldova OAVlari xabar berishicha, mamlakatning Ukraina bilan chegarasida oʻnlab avtomobillar toʻplanib turibdi.

Ruminiya OAV xabarlariga koʻra, mamlakat ukrain qochqinlarini qabul qilishni boshlagan. OAVlar, mahalliy hukumat idoralariga havola bergan holda, soʻnggi kunlarda Ukrainadan 300 ga yaqin kishi kelgani haqida yozmoqda. Prezident Klaus Yoxannis avvalroq Rossiyaning xatti-harakatlarini “xalqaro qonunchilikning, Ukraina suvereniteti va yaxlitligining qoʻpol ravishda buzilishi” deb atagan edi. Bolgariya tashqi ishlar vaziri Teodora Genchovska ham oʻxshash mazmunda bayonot berdi.

Rossiyaning Donbassdagi harbiy amaliyoti boshlanishi manzarasida kotirovkalar eng quyi daraja tushib ketgani ortidan Moskva birjasi barcha bozorlarda savdo toʻxtatilgani haqida maʼlum qildi.

24-fevral tongidan eʼtiboran Rossiyaning barcha shirkatlari aksiyalari shitob bilan arzonlab bormoqda. Moskva birjasi indeksi 11 foizga qulagan. Oldi-sotti jarayonida katta sarosima kuzatilmoqda. Investorlar Ukrainaga bostirib kirilgan taqdirda, Rossiyaga nisbatan Gʻarb vaʼda qilgan yangi keskin sanksiyalar joriy etilishidan xavfsiramoqda. Payshanba tongidan buyon AQSH dollari Rossiya rubliga nisbatan tobora qimmatlab bormoqda. Bu mamlakatda inflyatsiya darajasining oshishiga sabab boʻlmasligi mumkin emas. Oʻz navbatida, mazkur holat aholi daromadlariga salbiy taʼsir etishi shubhasiz.

Abduvali SOYIBNAZAROV, xalqaro sharhlovchi.

(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер