Bu saylov nafaqat Oʻzbekiston, balki MDH mamlakatlari va xalqlari uchun ham ahamiyatlidir — Yevgeniy Kozyak

21:24 12 Oktyabr 2021 Siyosat
888 0

Foto: РИА Новости

MDH saylovlarni kuzatish missiyasi shtabi boshligʻi Yevgeniy Kozyak Sirdaryo viloyatida ham boʻlib, muhim siyosiy tadbir oldidan tayyorgarlik ishlari bilan tanishdi. Dastavval Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi 8-Sirdaryo okrug saylov komissiyasi va 284 ta uchastka saylov komissiyasi faoliyati, qizgʻin pallaga kirgan hozirlik jarayoni toʻgʻrisida atroflicha maʼlumot berildi.

Foto: “Xalq soʻzi”

Xalqaro kuzatuvchi Guliston  shahrida joylashgan 15-, 19-, 20 -saylov uchastkalarida boʻlib, pandemiya sharoitida saylovchi va kuzatuvchilarga yaratilgan qulayliklar bilan qiziqdi, uchastka saylov komissiyalari raislari bilan suhbatlashdi.

— Men 2019-yili Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga boʻlib oʻtgan saylovlarda Sirdaryoda kuzatuvchi sifatida ishtirok etganman. Oʻtgan qisqa davrda viloyatda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilganiga bugun guvoh boʻldim. Bu saylov nafaqat Oʻzbekiston, balki MDH mamlakatlari va xalqlari uchun ham ahamiyatlidir, — deydi MDH saylovlarni kuzatish missiyasi shtabi boshligʻi Ye. Kozyak.

Xalqaro kuzatuvchi mahalliy OAV xodimlari bilan uchrashib, ularni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Ahmadali Shernazarov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?