Bu safar «galochka» uchun boʻlmadi

12:14 31 Avgust 2021 Jamiyat
560 0

Ortiqcha majlisbozliklar tinkamizni quritdi. Yigʻilish desa, asabiylashadigan boʻlib qoldik. Sababi, aksariyat tadbirlar nomiga oʻtkazilyapti. Quruq gapdan nariga oʻtilmayapti. Bir soʻz bilan aytganda, «Galochka» uchun uyushtirilyapti. Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisining oʻrinbosari Xolmurod Salimov ishtirokidagi tadbirga taklif qilishganida ham biroz orindimu, ustozlar hurmatidan borishga qaror qildim. «Galochka» uchun, albatta! Xullas, Andijon viloyatida jurnalistlar faoliyati tahliliga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Jurnalistikada nega yosh jurnalistlar kam?

Tadbir samimiy ruhda oʻtdi. Avvalo, yosh kadrlarni tayyorlash masalasi haqida fikr yuritildi.

— Jurnalistikada yosh kadrlar masalasi har doim dolzarb boʻlib kelgan, — deydi faxriy jurnalist Najmiddin Ikromiy. — Shu bois har bir tahririyat qoshida “Ishchi-qishloq muxbirlari universiteti” faoliyat yuritgan. Respublikamiz Mustaqillikka erishgach, jamoatchi muxbirlarning bunday uyushmasi yoʻqolib ketdi. Andijon viloyati hokimligi nashri «Andijonnoma» gazetasi qoshida ham shunday universitet tashkil etilgan boʻlib, unda 60 yil davomida mashgʻulotlar olib borildi. Men soʻnggi 20 yil davomida rahbarlik qildim. Bizdan saboq olgan yoshlar orasida respublikadagi nufuzli nashrlar, telekanallarda xizmat qilayotganlar ham bor. Biroq, oxirgi yilda mashgʻulotlarni toʻxtatishga toʻgʻri keldi. Boisi, bu yil tashkil topganligining 100-yilligini nishonlayotgan gazeta inqiroz yoqasida. Obuna koʻngildagidek tashkil etilmadi, hokimiyatdan umid yoʻq, natijada tahririyat pulsiz qoldi. Ayni paytda chop etilmayapti. Xodimlarning oylik maoshidan, bosmaxona xarajatlaridan qarzi bor. Shuncha tashvish turganda yosh kadrlarga mashgʻulot oʻtish hech kimning koʻngliga sigʻmadi. Har gal telegram kanallarida mahalliy hokimliklar va korxona-tashkilotlarning Matbuot xizmati rahbarlari tomonidan yozilgan xabarlarni oʻqir ekanman, bugungi kunimizda jamoatchi muxbirlar universitetlari nechogʻli muhim ekanligini anglayman.

Masalaning yana bir tomoni bor. Yosh kadrlar yetishmovchiligiga jurnalistlarning oylik maoshlari kamligi ham sabab boʻlmoqda. Bosma nashrlarda ishlash ogʻir jarayonga aylandi. Televideniyeda yosh muxbirlarni uchratish mumkin, tan olish kerak, ularning aksariyati mashhurlik uchun shu kasbni tanlashgan.

Bu gaplarni shaxsan Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisining oʻrinbosari soʻragani uchun aytyapman, mabodo, hududlardagi vaziyat kimnidir qiziqtirsa bilib qoʻysin, degan maqsadda.

Nega “gazetachilar” muammodan chiqa olmayapti?

— Bizning Andijon viloyatida bosma nashrlar asta-sekin faoliyatini toʻxtatmoqda, — deydi Andijon tumani hokimligi nashri “Andijon tongi” gazetasi muharriri Mahfuraxon Ortiqova. –Saylov arafasida gazetalar faoliyatida bu holatni kuzatish alam qiladi, albatta. Boshqa viloyatlardagi vaziyatni oʻrganganimizda bizdagi muammo ularni qiynamayotganligiga amin boʻlamiz. Har tugul oz adadda boʻlsa ham gazetalar chop etilyapti, hech bir xodim ishsiz qolib ketgani yoʻq. Ular bunga qanday erishyapti? Jurnalistlar ijodiy uyushmasi tomonidan malaka oshirish, tajriba almashish safarlarini uyushtirishga amaliy koʻmak koʻrsatilsa yaxshi boʻlardi. Nima uchun Fargʻonada bu kabi amaliyot boru, Andijonda yoʻq?

Muammoning yechimini topayotganlar ham bor

— Bosma nashrlardagi muammo bizga ham begona emas,-deydi Jalaquduq tumani hokimligi nashri “Jalaquduq hayoti” gazetasi muharriri Shukurillo Hayitoxunov. –Obuna masalasida biz ham qiyinchiliklarga uchradik. Biroq, tuman hokimligi eʼtiborini jalb etish, ularning amaliy koʻmagiga erishish uchun izlanishdan toʻxtamadik. Natijada gazetamizda qirgʻiz tilida chop etiladigan sahifaga joy ajratdik. Sababi, tumanimiz aholisining 40 foizini qirgʻiz millati vakillari tashkil etadilar. Bunday tashabbusni qoʻllab-quvvatlagan tuman hokimligi moddiy tomondan imkon qadar yordam berib turibdi. Kelgusida yangidan-yangi loyihalarga asos solish orqali gazetamiz faoliyatini shakllantirishni rejalashtirganmiz.

Xulosa

Yigʻilish dastavvalida tadbir tashkilotchilari qarshisida majburan oʻtirgan muharrirlarga keyinchalik “jon kirdi”. Aslida gaplari ham yigʻilib qolgan ekan, biri qoʻyib biri soʻz oldi. Kimdir hokimliklar nashrining sotuvga qoʻyilishidan maʼno yoʻqligini, boisi u daromad topadigan bozor gazetasi emas, balki, hokimlik harakatini targʻib qiluvchi, maʼnaviyat ulashuvchi nashr ekanligini taʼkidlasa, boshqasi gazetalar bundan buyon mazmun jihatidan tubdan oʻzgarishi shartligini aytdi. Allaqachon chop etilishi toʻxtagan ayrim tuman gazetalari taqdiri soʻroq belgisi ostida qoldi, baribir. Shunday boʻlishiga qaramay, har tugul ikkita yechim ijobiy hal etildi. Birinchisi — «Andijonnoma» gazetasi qoshida faoliyat yuritgan Jurnalistik mahorat maktabi bundan buyon uyushmaning viloyat boʻlimi qoshida faoliyatini davom ettiradigan boʻldi. Uni moliyalashtirish masalasi alohida oʻrganib chiqilishi rejalashtirildi. Ikkinchisi – shu yilning noyabr oyida respublika Jurnalistlar uyushmasi tomonidan viloyatdagi 30 nafar jurnalistlarning Samarqandlik hamkasblari bilan tajriba almashish safari uyushtiriladigan boʻldi. Obuna masalasi, taxririyatlarning bosmaxonadan qarzlari, ularning vebsaytlarini tashkil etish kabi masalalar odatdagidek, yechimsiz qoldi...

Xullas, bu safargi yigʻilish «Galochka» uchun boʻlmadi. Har tugul tadbirdan shu fikrda qaytdik. Buyogʻini endi vaqt koʻrsatadi.

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?