Bu oʻzbek sportidagi tarixiy gʻalaba — Prezident Tokio-2020 ishtirokchilari bilan uchrashdi

15:13 13 Avgust 2021 Sport
901 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Tokio Olimpiadasida ishtirok etgan sportchilar, ularning ota-onalari va murabbiylari bilan uchrashuvi boshlandi. Tadbirda davlatimiz rahbari tarixiy natijasini eʼtirof etdi.

«Avvalo, siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni Oʻzbekiston milliy terma jamoasining Olimpiya oʻyinlarida qoʻlga kiritgan ulkan, tom maʼnoda tarixiy gʻalabasi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Albatta, barchamiz dunyodagi eng nufuzli ana shu musobaqalarda Oʻzbekiston vakillarining har bir chiqishini “oynai jahon” orqali katta qiziqish va hayajon bilan kuzatib bordik.

Oʻz navbatida, mard va jasur sportchilarimiz ham bunday yuksak ishonchni oqlab, xalqimizga yorqin gʻalabalarni tortiq etdilar.

Hech shubhasiz, bu Vatanimiz mustaqilligining 30 yillik shonli bayramiga munosib sovgʻa boʻldi.

Olimpiadada sportchilarimiz yuksak shohsupalarga koʻtarilib, 3 ta oltin va 2 ta bronza medalni qoʻlga kiritdilar.

Hammamizga ayonki, Olimpiya oʻyinlarida yer yuzining eng zoʻr, manaman degan sport ustalari ishtirok etadi.

Sizlar dunyo tan olgan sportchilar bilan mardona olishib, ularning oʻzini ham, ular erishgan natijalarni ham ortda qoldirib, 3 ta Olimpiya rekordini yangilab, jahon sportida ham yorqin sahifa ochdingiz.

Mamlakatimiz jamoasi 200 dan ziyod davlatdan kelgan eng kuchli sportchilar orasida umumjamoa hisobida – oʻttiz ikkinchi, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligida – ikkinchi, Markaziy Osiyoda esa – birinchi oʻrinni egalladi. Bu chindan ham oʻzbek sporti tarixidagi ulkan natijadir.»

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?