Bu milliardlaringiz meni qiziqtirmaydi — Prezident maslahatchisi masʼullardan kamchiliklar haqida gapirishni talab qildi

16:04 09 Mart 2021 Jamiyat
1822 0

Bugun Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining katta majlislar zalida ayollar muammolarini tizimli hal etish, ularni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Respublika komissiyasining navbatdagi kengaytirilgan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Unda Senat Raisi Tanzila Norboyeva, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchisi Rustam Qosimov, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov, komissiya aʼzolari, masʼullar ishtirok etdi.

Yigʻilishda dastlab komissiya aʼzolari qilingan ishlar, vazifalar ijrosi yuzasidan maʼlumot berdi. Prezident maslahatchisi Rustam Qosimov komissiya aʼzolaridan quruq hisobotlar, raqamlar, maʼruzalarni toʻxtatish aniq kamchiliklar, toʻsiqlar, kamchilikka yoʻl qoʻygan masʼullar haqida gapirishni soʻradi.

Videoselektorda Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi oʻrinbosari Abdushokir Rahimov “Ayollar daftari”dagi xotin-qizlarga ajratilayotgan yerlar, yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar xususida toʻxtaldi.

“Yanvar-fevral oylarida rejamiz 1780 nafar xotin-qizlarni bandligini taʼminlash edi. Lekin ayrim viloyatlarimiz mablagʻdan toʻgʻri foydalanmayapti. Masalan, Sirdaryo, Navoiy, Andijon, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari kengash raislari juda qattiq ogohlantirildi”, dedi Abdushokir Rahimov.

Prezident maslahatchisi Rustam Qosimov undan viloyatlar kesimidagi koʻrsatkichlarning pastligi, mutasaddilarga qanday chora koʻrilishi boʻyicha izoh soʻradi.

“Bu milliardlaringiz meni qiziqtirmaydi, bu sizning ichki ishingiz, kimga nima chora koʻrasiz?”, deya soʻradi u. Bundan tashqari R.Qosimov masʼullarga chora koʻrish, ekin ekish mavsumi oʻtib ketmaguncha rejadagi vazifalarni bajarish, “Ayollar daftari”ga kiritilgan ayollar sonini muntazam oʻrganish, muhtoj ayollarni oʻz vaqtida roʻyxatga kiritish kerakligini aytdi.

Abdushokir Rahimov kelgusida qattiq ishlashga, kamchiliklarni tuzatishga vaʼda berdi.

“Siz bizga vaʼda bermang, masala koʻtaring! Eplolmayapman, qoʻlimdan kelmadi deng. Mana bunga, bunga yordam bering deng. Nega shu paytgacha indamay oʻtiribsiz. Komissiyaga murojaat qilmoqchiman, yigʻilish oʻtkazmaymiz boshqa, onlayn ishlaymiz”, dedi R.Qosimov.

Federatsiyasi raisi mutasaddiga nisbatan keskin chora koʻrishni taklif qildi...

Shu oʻrinda jurnalistlar yigʻilishni tark etishi soʻraldi. Shu bois, afsuski, yigʻilishning qolgan qismi haqida axborot berish imkoniyatiga ega emasmiz.

Nima sababdan jurnalistlarning yigʻilishdan chiqarib yuborilganligi boʻyicha biror izoh berilmadi. Vaholangki, komissiya yigʻilishini yoritishga kelgan aksariyat jurnalistlar tahririyatga yigʻilishni yoritish soʻrab yozilgan xat asosida kelgan edi.

Inobat AHATOVA, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?