Bu yil Samarqanddagi 1105 mahallada daraxtlarni samarali sugʻorish tizimi tashkil etiladi

10:54 05 Avgust 2022 Jamiyat
297 0

Foto: Xalq so‘zi

Respublikamizda eʼlon qilingan “Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida joriy yilda Samarqand viloyati boʻyicha 64 gektar maydonda 19 ta “Yashil jamoat parklari” barpo etish belgilangan.

2022-2026-yillarda tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalari tasarrufidagi koʻkalamzorlashtiriladigan hududlarda sugʻorish tizimlarini va suv chiqarish quduqlarini tashkil etish boʻyicha dastur ishlab chiqilgan

.

Dasturga asosan, viloyatdagi 1105 mahallada “Yashil makon” loyihasi doirasida daraxtlarni samarali sugʻorish tizimi tashkil etiladi. Bungacha esa obodonlashtirish boshqarmasining oʻndan ortiq texnikalarini jalb etgan holda kechki paytda daraxtlarni sugʻorish ishlari olib borilyapti.

Viloyatda 16 ta koʻcha “Namunaviy koʻcha” sifatida tanlab olinib, koʻchat ekish tadbirlari 5 ta tumanda amalga oshirilgan. Jumladan, Bulungʻur tumani Gulzor koʻchasida 200 tup gilos, Jomboy tumani Uzunovul koʻchasida 190 tup oʻrik, Narpay tumani Shodlik koʻchasida 300 tup katalpa, Oqdaryo tumani Amir Temur nomidagi koʻchada 400 tup, Payariq tumani Zebiniso koʻchasida 300 tup kashtan daraxti koʻchati ekilgan. Qolgan tumanlarda kuzgi koʻchat ekish mavsumida “Namunaviy koʻcha”lar tashkillashtiriladi.

Joriy yil kuz faslida viloyat boʻyicha 6,1 million tup daraxt koʻchatini ekish rejalashtirilgan. Hozirda koʻchatchilik xoʻjaliklarida 33 million tupdan ortiq koʻchat zaxirasi mavjud.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?