Bu yil Samarqand viloyatida 23 mahallada “Obod mahalla maskani” foydalanishga topshiriladi

14:18 19 Avgust 2022 Jamiyat
286 0

Foto: Xalq so‘zi

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mahallalarda hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi lavozimlarining tashkil etilgani aholi qatlamining quyi boʻgʻinlarigacha kirib borib, tadbirkorlikni rivojlantirish, bandlikni taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish, har bir yoshning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning maqsad va gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlashda oʻzining amaliy natijasini koʻrsatmoqda. Bunga hamohang ravishda Samarqand viloyatida mahalla fuqarolar yigʻinlari xodimlari hamda aholi uchun qulay sharoitlarni yaratish maqsadida qator ishlar amalga oshirilyapti.

Xususan, bu yil Samarqanddagi 23 ta mahallada “Obod mahalla maskani” barpo etilayotir. Ushbu maskanlarda tikuvchilik, goʻzallik saloni, qandolatchilik, hunarmandchilik, kutubxona, oʻquv markazlari, fitnes-klub singari kamida oʻnga yaqin yoʻnalishlarda xizmat koʻrsatish va shu orqali 2 mingdan ortiq fuqarolarning bandligini taʼminlash belgilangan.

Kuni kecha Toyloq tumanida qurilgan “Obod mahalla maskani” foydalanishga topshirildi. Mazkur uch qavatli binoning loyiha qiymati 7 milliard soʻm boʻlib, uni tadbirkor Gʻayrat Moʻsinov oʻz mablagʻlari hisobidan bunyod etdi.

Bu yerda bir nechta savdo doʻkonlari, oʻquv markazi, stomatologiya xizmati, bankning mini filiali hamda usta-shogird anʼanasini saqlagan holda tikuvchilik, toʻquvchilik, qandolatchilik sexlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Buning natijasida 27 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

Tuman hokimligi, keng jamoatchilik vakillari hamda yoshlar ishtirok etgan binoning ochilishiga bagʻishlangan tadbirda butun mamlakatimizda boʻlgani kabi Toyloq tumanida ham yoshlarning iqtidor va salohiyatini toʻlaqonli yuzaga chiqarish, ayniqsa, kasb-hunarga oʻqitish, bandligini taʼminlash borasida keng koʻlamli ishlar olib borilayotganligi taʼkidlab oʻtildi. Mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilgan ushbu maskan ham endilikda yoshlarni kasb-hunarga oʻrgatish, bandligini taʼminlashga xizmat qilishi aytildi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?