Bu yil 880 ming 155 nafar yosh ilk marotaba saylov huquqidan foydalanadi

14:52 16 Oktyabr 2021 Jamiyat
206 0

Bugun Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazida MSK hamda Oliy Majlis huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolari uchun oʻquv-seminar tashkil etildi.

Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi Bahodir Yunusov olib borgan ushbu seminarda ishtirokchilar saylov qonunchiligi bilan tanishtirildi, ularga Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi hamda boshqa meʼyoriy-huquqiy hujjatlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Yoshlarning saylov qonunchiligi boʻyicha bilimlari oshirildi.

Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda aholining qariyb 60 foizini 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar tashkil qiladi. Bu esa yoshlarning saylovda katta oʻrin tutishini koʻrsatadi.

Chindan ham, joriy yilda Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatiga kiritilgan 21 million 249 ming 921 nafar saylovchidan 6 million 993 ming 924 nafari oʻttiz yoshgacha boʻlgan yoshlardir. Bu umumiy saylovchilarning 32,91 foizi yoshlardan iborat, degani. Ahamiyatlisi shundaki, ularning 880 ming 155 nafari, yaʼni 12,59 foizi bu yil ilk marotaba oʻzining saylov huquqidan foydalanadi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?