Bu hayotlaringizdagi birinchi eng katta gʻalabangiz — Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahridagi Prezident maktabi oʻquvchilar bilan suhbatlashdi

19:16 11 Oktyabr 2021 Siyosat
872 0

Mamlakatimizda ixtisoslashtirilgan taʼlimning yangi tizimi — Prezident maktablari tashkil etildi. Joriy yilda Qarshi shahrida ham shunday maktab foydalanishga topshirildi.

Davlatimiz rahbari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chogʻida ushbu muassasani koʻzdan kechirdi.

168 oʻrinli maktab binosi va yotoqxona Prezident maktablari standarti asosida qurilgan. Fan xonalari, laboratoriyalar, sport zallarida eng zamonaviy sharoitlar yaratilgan.

Bu yil maktabga 10 mingdan ziyod oʻquvchi hujjat topshirib, shundan 144 nafari qabul qilindi. Taʼlim jarayoni rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ishlab chiqilgan oʻquv rejalari va dasturlari boʻyicha ingliz tilida olib boriladi. Buning uchun eng malakali oʻqituvchilar, jumladan, 10 nafar chet ellik mutaxassis jalb qilingan. 15 oʻrinli oʻqituvchilar mehmonxonasi qurilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻquvchilar bilan suhbatlashdi.

— Bu hayotlaringizdagi birinchi eng katta gʻalabangiz. Ana shu gʻalaba bilan sizlarni tabriklayman, ota-onangizga rahmatlar aytaman. Oʻz kelajagingizga zamin yaratyapsiz. Vaqtdan, bu sharoitlardan unumli foydalaninglar. Bugungi muvaffaqiyat — tarix. Yanayam koʻproq oʻqib, izlanishdan toʻxtamanglar. Kelgusida yangi Oʻzbekistonning munosib farzandlari boʻlib yetishasizlar. Men bunga ishonaman, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident maktabi bilan viloyatdagi boshqa maktablar oʻrtasida tajriba almashinuvni yoʻlga qoʻyish, shu asosida aniq fanlarni oʻqitish metodologiyasini yangilash zarurligi taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?