Bu “Abdullajon” filmidan olingan kadr emas

19:22 15 Avgust 2022 Jamiyat
550 0

Foto: Халқ сўзи

Bilamizki, film yoki badiiy asarlardagi ishonilishi qiyin obraz va voqealar asosan xayol, tasavvur taʼsirida yaratiladi. Koʻpchiligimiz uchun sevimliga aylanib ulgurgan “Abdullajon” filmida ham katta qovun-tarvuzlar ustiga narvon bilan chiqayotgan dehqoni koʻrib “Bunaqasi boʻlishi mumkinmas, fantastikaku”, deymiz hamisha. Biroq, shoʻrchilik mirishkor dehqon tomorqasida 35 kilogrammlik oshqovoq pishib yetishtirdi, bizning fikrlarimiz esa oʻz-oʻzidan oʻzgardi.

— Tomorqamizga oshqovoq urugʻini umid bilan aprel oyida qadagandik. — deydi shoʻrchilik dehqon Xolboy Qurbonov. — Har doimgidek parvarishladik, qaradik. Qandaydir moʻjiza yuz berdiyu oshqovoqlar yiriklasha boshladi. Hozir paykalda hatto 35 kilogrammlik oshqovoq ham bor, bundan hatto oʻzim ham hayratdaman. Kelgusi yil ham ushbu oshqovoq urugʻini ekib, tajribalar oʻtkazish, agar muvaffaqiyatli natija bersa, bu nav oshqovoqlar urugʻini koʻpaytirish niyatidaman.

Mirishkor dehqon kelgusida bu sir-sinoatni tagiga yetish uchun amaliy ish bilan bir qatorda ilmiy nuqtayi nazardan chuqur oʻrganishni qaror qilgan. Agar bundan keyin ijtimoiy tarmoqlar orqali shunday xabarlarga koʻzingiz tushsa aslo hayratlanmang, bu aqlbovar qilmas ishlar ortida dehqonlarimizning izlanish va zahmatlari yotibdi.

Ilhom RAHMATOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?