Braziliya Oʻzbekiston yoshlari uchun portugal tili kurslarini tashkil etishga tayyorgarligini bildirdi

13:06 24 Avgust 2022 Siyosat
451 0

Oʻzbekiston elchisi Javlon Vahobov Brazilia shahriga tashrifi davomida Braziliya Federativ Respublikasi (BFR) taʼlim vazirining oliy taʼlim masalalari boʻyicha oʻrinbosari Vilas Boas de Soza bilan muzokaralar oʻtkazildi.

Uchrashuv davomida mamlakatimizda kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish, sohaga ilgʻor chet el tajribasini jalb etish, raqobat muhitini rivojlantirish, oliy oʻquv yurtlarining sonini oshishi va sifat jihatdan yaxshilanishi, oliy taʼlim muassasalari oʻchuvchilari sonini sezilarli darajada oshirish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohot va oʻzgarishlarning asosiy natijalari haqida batafsil maʼlumot berildi.

V.Soza Oʻzbekiston va Braziliya taʼlim sohasida oʻxshash maqsadlarni koʻzlashini, uning sifatini oshirishda tajriba almashish lozimligini, hamda talaba va oʻqituvchilarning muntazam almashinuvini yoʻlga qoʻyish kerakligini alohida taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, mamlakatda 2400 ta oliy oʻquv yurtlar faoliyat koʻrsatib, ularda 8 million talaba tahsil olishadi. Aytilishicha, 69 federal universitet davlat qaramogʻida boʻlib, ularda jami 1,3 million talaba bilim oladi.

Berilgan maʼlumotga asosan, mazkur vazirlik Braziliya Tashqi ishlari bilan hamkorlikda “PEG-G” nomli dastur ishlab chiqqan boʻlib, uning asosiy maqsadi mamlakatda chet ellik talabalar sonini oshirishdan iborat. Taʼkidlanilishicha, ushbu dasturning muvaffaqiyatli ishtirokchilari oʻqish toʻlovidan ozod etiladi, turar-joy va stipendiya bilan taʼminlanadi.

Shuningdek, vazirlik chet ellik talabalarning Braziliyada oʻqishini qoʻllab-quvvatlash maqsadida xalqaro grantlar dasturini yanada kengaytirish ustida ish olib bormoqda, hamda shu maqsadda 27 ta oliy oʻquv yurtlarida universitetga kirish imtihonlariga tayyorgarlik boʻyicha 69 ta kurslar tashkil etilgan.

Bundan tashqari, V.Soza Braziliya Oʻzbekiston yoshlari uchun portugal tili kurslarini tashkil etish masalasini koʻrib chiqishga tayyorligini ham maʼlum qildi.

Bundan tashqari, ikki mamlakat olimlari va tadqiqotchilari Fan, texnologiyalar va innovatsiyalar vazirligi tarkibida tashkil etilgan EMBRAPII institutida hamkorlikni yoʻlga qoʻyishlari mumkinligi taʼkidlandi. Aytilishicha, mazkur tashkilot oʻz ichiga 27 ta universitetlarda joylashgan 70 ta zamonaviy tadqiqot markazlarini ham oʻz ichiga olib, uning asosiy vazifasi jamiyat hayotidagi dolzarb masalalarga innovatsion va ilgʻor texnologik yechimlarni taqdim etishdir.

Taʼlim vazirligi vakilining fikricha, Braziliya oliy oʻquv yurtlarining xalqaro maydondagi ishtirokini kengaytirish mamlakatdagi ilmiy potensialni oshirishga, hamkorlikda tadqiqotlar oʻtkazishga va jahon reytinglarida mamlakat universitetlarining koʻrsatkichlarini oshirishga olib keladi. “Shu bois Braziliya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi har qanday hamkorlik ikkala tomon uchun ham yaxshi samara berishi aniq”, deya alohida taʼkidladi V.Soza.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?