Bojxona tizimida kinologiya xizmati rivojlanmoqda

19:16 26 Yanvar 2024 Jamiyat
337 0

Qoraqalpogʻiston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Dovud-ota” chegara bojxona posti kichik inspektor-kinologi Paraxat Sharipov qariyb 10-yildan buyon oʻzining 4 oyoqli sodiq yordamchilari — xizmat itlari bilan mamlakatimiz sarhadlarida kontrabanda va kontrafakt mahsulotlari hamda noqonuniy tovar-moddiy boyliklarning mamlakatimiz hududiga kirib kelishining oldini olishda sidqidildan xizmat qilib kelmoqda.

U har gal xizmatga otlanganida ota-onasi duosini olib, mamlakatimizning shimoliy darvozasi hisoblanuvchi chegara bojxona postidagi xizmat vazifasini bajarish uchun ketar ekan, baʼzan oylab oilasidan uzoqda boʻladi. Oʻttiz uch yoshni qarshilagan qahramonimizning xizmat qiladigan oʻrni Nukus shahridan 450 kilometr uzoqlikda joylashgan.

Mamlakatimizni qoʻshni Qozogʻiston Respublikasi bilan bogʻlab turuvchi xalqaro maqomdagi mazkur chegara bojxona posti orqali bugungi kunda sutkasiga oʻrtacha 550-600 ta yengil va yuk avtotransport vositalari hamda 3500-4000 nafar fuqarolarning kirish va chiqish yoʻnalishlarida harakati taʼminlanmoqda.

Post orqali harakatlanayotgan har bir yoʻlovchi va avtotransport vositalari tomonidan taqiqlangan ashyolarning mamlakatimiz hududiga kirib kelishi va aylanmada boʻlishining oldini olishda bojxona xodimlariga ularning toʻrt oyoqli safdosh doʻstlari yaqin koʻmakdoshdir.

Taʼkidlash joizki, boshqarmaning kichik inspektor-kinologlariga biriktirilgan xizmat itlari giyohvandlik vositalari va portlovchi moddalarni qidirib topish yoʻnalishida oʻrgatilgan.

Shuningdek, qoʻshimcha ravishda 3 ta xizmat itiga “Valyuta qimmatliklarini qidirish”, 2 ta xizmat itiga “Kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari va psixotrop moddalarni qidirish” hamda 1 tasiga “Tamaki mahsulotlarini qidirish” yoʻnalishlari oʻrgatilgan.

2023-yil davomida kichik inspektor-kinologlarga biriktirilgan xizmat itlari yordamida chegara va ichki hududda 39 ta holat aniqlangan. Shundan qahramonimiz Paraxat Sharipovga biriktirilgan “Zabar” laqabli xizmat iti yordamida 2023-yilda 15,55 gramm. geroin, 11,7 gramm. opiy giyohvandlik vositalari aniqlangan.

Davlatimiz iqtisodiy xavfsizligi, yurt tinchligi yoʻlida bojxona xodimlariga kamarbasta boʻlayotgan xizmat itlarining mehnatlari inobatga olinib, 2023-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi bojxona boshqarmasi tasarrufidagi bojxona postlarida oʻz faoliyatini olib borayotgan tajribali kichik inspektor-kinologlarga biriktirilgan xizmat itlaridan 3 nafari Oʻzbekiston Respublikasi bojxona qoʻmitasi “Xizmat iti nishoni” bilan taqdirlandi. Ular orasida Paraxat Sharipovga biriktirilgan “Zabar” laqabli it ham bor.

Ha, bojxona ishida kinologiya oʻziga xos yoʻnalish hisoblanadi. Zamonaviy texnologiyalar qanchalik taraqqiy etmasin, hid bilish bobida betakror jonzot – xizmat itlarining oʻrnini bosadigan, mukammal qurilma hozirga qadar ixtiro qilinmagan.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi bojxona boshqarmasida ham 10 dan ortiq xizmat itlari yordamida bojxona nazoratidan yashirilgan noqonuniy tovarlar harakatiga chek qoʻyilmoqda. Davlatimiz sarhadlarida sergak bojxonachilarning toʻrt oyoqli sodiq yordamchilari giyohvandlik moddalari, portlovchi, valyuta, tamaki va kuchli taʼsir qiluvchi vositalarni qidirib topish yoʻnalishlarida samarali xizmat qilishmoqda.

Bojxona tizimida kinologiya xizmati yanada rivojlanib, kelgusida ham noqonuniy tovarlarni aniqlashda soha xodimlariga katta tayanch boʻlishiga ishonchimiz komil. Fursatdan foydalanib, 26-yanvar — Davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kuni munosabati bilan barcha bojxona xodimlarini samimiy qutlaymiz.

Gʻayrat Otajonov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?