Bojxona rasmiylashtiruvi muddati 3 kundan 1 kunga qisqartiriladi

16:21 03 Iyun 2021 Iqtisodiyot
336 0

Joriy yilning 3-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Unda dastlab “Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat berish tartib-taomillari turlari qisqartirilganligi hamda soddalashtirilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Deputatlarning taʼkidlashicha, qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Adliya vazirligi xodimlaridan iborat ishchi guruh aʼzolari ishtirokida bir qator davra suhbatlari oʻtkazilgan. Ularda qonun loyihasi moddama-modda koʻrib chiqilib, bir qator oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan.

Kiritilgan muhim oʻzgarishlardan biri bu – qonun loyihasining nomi “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida», deb oʻzgartirildi. Qonun loyihasi atroflicha muhokama qilinib, fraksiya aʼzolari tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

Yigʻilishda “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ham ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

Mazkur qonun loyihasi bilan 11 ta normativ-huquqiy hujjatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. Xususan, “Prokuratura toʻgʻrisida”gi qonunda Departament tomonidan iqtisodiy jinoyatlar va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalarni amalga oshirishda jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni qoʻllash bilan bogʻliq vakolatlariga aniqlik kiritilyapti. Jinoyat kodeksiga jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish natijasida olingan mol-mulkni maxsus musodara qilish  tartibi belgilanmoqda. “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi qonunga jinoiy yoʻl bilan topilgan mol-mulkni musodara qilish bilan bogʻliq qoʻshimchalar kiritilayotir.

Muhokamalar davomida deputatlar tomonidan loyihani pishiq-puxta qilish boʻyicha bildirilgan taklif va tavsiyalar inobatga olinib, uzoq tortishuv, bahs-munozaralardan soʻng qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda qoʻllab-quvvatlandi.

Mamlakat rivoji, davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, islohotlar samaradorligiga erishishda byudjet xarajatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning yana-da ochiq va shaffofligini taʼminlash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.

Shu jihatdan deputatlar “2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartishlar kiritish haqida»gi qonun loyihasining muhokamasi davomida byudjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish masalalariga alohida ahamiyat qaratdilar.

Qonun loyihasida joriy yilda qabul qilingan dasturlar va qarorlardagi ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash, ularning moliyalashtirish manbalarini aniqlash hamda ayrim xarajatlarni maqbullashtirish koʻzda tutilmoqda.

Qonun loyihasi bilan Byudjet kodeksining 145-moddasi, davlatimiz rahbarining joriy yil 3-fevraldagi tegishli farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida normativ-huquqiy asoslarini yaratish zaruriyatidan kelib chiqib, 2021-yil uchun davlat maqsadli jamgʻarmalarining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining daromadlari prognozi va xarajatlari, shuningdek, 2021-yil uchun respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablagʻlarning cheklangan miqdorlariga oʻzgartirishlar kiritilgan.

OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzolari partiya elektorati boʻlgan tadbirkor va ishbilarmonlar, fermerlar, klasterlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilayotganini aytib, bunday yondashuv partiyaning dasturiy maqsadlariga har tomonlama toʻgʻri kelishini bildirdilar.

Yigʻilishda “Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining muhokamasi ham qizgʻin kechdi.

Taklif etilayotgan loyihaga koʻra, tashqi iqtisodiy faoliyat yoʻnalishida, yaʼni bojxona maʼmuriyatchiligini takomillashtirish sohasida qabul qilingan hujjatlar talablari asosida amaldagi Bojxona kodeksiga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. Jumladan, tovar va transport vositalarini tegishli bojxona rejimlariga joylashtirish maqsadida talab etiladigan ruxsatnomalar berish tartibi bekor qilinib, Oʻzbekiston Respublikasining turistik salohiyatini oshirish maqsadida boj olinmaydigan savdo doʻkonining uchinchi turi kiritilmoqda.

Eʼtiborga molik tomoni, bojxona rasmiylashtiruvi muddati 3 kundan 1 kunga qisqartirilib, nazorat ostida yetkazib berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasining “Tezkor-qidiruv faoliyati toʻgʻrisida”gi qonuni talablariga muvofiqlashtirilmoqda.

Deputatlarning fikricha, qonun loyihasini qabul qilinishi bilan tovarlarni eksport va import qilish jarayonidagi mavjud tartibotlarning soddalashtirilishiga, bojxona qonunchiligini erkinlashtirish, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va shaffofligini taʼminlashga erishiladi.

Yigʻilishda fraksiya vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?