Boyovutda Usmon Yusupov nomli bogʻ va atoqli davlat arbobining byusti tantanali ravishda ochildi

17:54 05 Noyabr 2020 Jamiyat
481 0

Boyovut tumanidagi «Hosilobod» mahallasida el-yurtimiz manfaaatlari yoʻlida sidqidildan xizmat qilgan xalqimizning fidoyi farzandi Usmon Yusupov nomli bogʻ hamda atoqli davlat arbobining byusti tantanali ravishda ochildi.

Taʼkidlandiki, Usmon Yusupov deganda Oʻzbekistonda koʻplab yirik va oʻta muhim loyihalarni amalga oshirishda chinakam fidoyilik, yurtga sadoqat namunasini koʻrsatgan inson koʻz oldimizga keladi. Xususan, ulardan biri Sirdaryo viloyatidagi Farhod elektrostansiyasidir.Ushbu nurxona respublikamiz energetika tizimini rivojlantirishga katta hissa qoʻshishi bilan birga oradan koʻp oʻtmay Mirzachoʻl yerlariga suv chiqarishda muhim gidroinshoot vazifasini ham bajardi.

Usmon Yusupovning mehnat faoliyatida Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi hozirgi «Hosilobod», “Mirishkor”, “Bunyodkor” va “Yangiobod” mahallalari hududidagi sobiq 4-“Boyovut” davlat xoʻjaligi bilan bogʻliq sahifa ham bor. Yaʼni u kishi mazkur xoʻjalikka 1955- 1960-yillarda rahbarlik qilgan. Usmon Yusupovning eng avvalo xalqning yashash turmushini yaxshilashga katta eʼtibor qaratgani hali-hamon el tilidan tushmaydi. Hududda yashovchi yoshi ulugʻ insonlar u kishini hurmat bilan “Usmon ota” deb eslashadi.

— Oʻshanda oʻn toʻqqiz yoshda edim. Usmon ota xoʻjaligimizdagi faoliyatini yoʻllarimizni sozlashdan boshlagani yodimda,-deydi mehnat faxriysi Abdurasul Abdullayev. — Yana tor enli temir yoʻl ham qurdirdi, uni “vagonetka” derdik. Har bir boʻlimda 50 tadan 100 tagacha uy qurildi. Oʻshanda chivin moʻlligidan pashshaxonaning dokasi ikki qavat boʻlar edi. Usmon ota choʻlning ana shunday koʻplab qiyinchiliklarga bardosh berib mehnat qilayotgan har bir kishini eʼtibordan chetda qoldirmas edi. Xoʻjalik yerlaridagi ishidan ortib odamlarning tomorqasiga ham eʼtibor qaratar edi. Hatto bir gal tomorqalarimiz uchun Fargʻonadan yuk mashinasi toʻla koʻchat keltirib bergani ham esimda. U kishi bogʻ yaratishni juda yaxshi koʻrar edi va bir necha hududlardagi havas qilsa arzigulik olmazoru shaftolizor, uzumzorlar uzoq yillar “Usmon Yusupov bogʻi” deb yuritilib kelindi. Hozir ham yetmish yillik chinor va archalar borki, bu daraxtlar Usmon otaning nomini yana uzoq yillar eslatib turadi.

«Hosilobod»da ochilgan xotira maydoni bogʻi 8 gektar. Bogʻ meʼmoriy jihatdan ham, landshaft jihatidan ham mahallaning koʻrkiga aylandi desak mubolagʻa boʻlmaydi. Oʻzbekona ayvon devorlaridan Usmon Yusupovning hayoti va faoliyati aks etgan maʼlumot va fotosuratlar joy olgan. Ayni chogʻda unda mahalla guzari, otaxonlar choyxonasi, “Goʻzallik saloni” singari maskanlar ham mavjud.

Tadbir doirasida “Usmon Yusupov — oʻzbek xalqining fidoyi farzandi” deb nomlangan konferensiya boʻlib oʻtdi.Unda Usmon Yusupovning qizi Zoya Yusupova yoʻllagan audioovozli minnatdorlik soʻzi ham tinglandi. Shuningdek, mehnat faxriylari Usmon Yusupov haqidagi xotiralarini soʻzlab berdilar.

Bogʻning ochilish marosimida Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofurjon Mirzayev ishtirok etdi va soʻzga chiqdi.

Ahmadali SHERNAZAROV
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?