Boʻstonliqda 72 sotix yerni 1 mln dollarga sotmoqchi boʻlgan shaxs ushlandi

01:05 16 Mart 2025 Jamiyat
289 0

Videodan kadr

Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanidagi 72,6 sotix noturar yer maydonini 1 mln dollarga sotmoqchi boʻlgan shaxs qoʻlga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 12-mart kuni poytaxtning Bektemir tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda 1992-yilda tugʻilgan, rieltorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxs ushlangan.

Ushbu shaxs Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanidagi 72,6 sotix noturar yer maydonini 1 mln dollarga sotmoqchi boʻlgan. U shuningdek, yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali 1 oyda mazkur yer maydoni toifasini turar joyga oʻzgartirib, koʻpqavatli uy-joy qurish uchun ruxsatnoma va barcha hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga yana 100 ming dollar talab qilgan.

U kelishilgan pulning 110 ming dollarini avans tariqasida olayotganida huquq tartibot organlari xodimlari tomonidan daliliy ashyolar bilan ushlangan.

Shuningdek, Toshkent shahri Olmazor tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda qarzdorlik boʻyicha MIB yuritayotgan ijro hujjatlarini tugatib berish evaziga katta miqdorda pul talab qilgan shaxs qoʻlga olingan. U fuqaroning 647 mln soʻm miqdoridagi qarzdorlik boʻyicha ijro hujjatlarini tugatish va Oʻzbekistondan chiqish uchun qoʻyilgan taqiqni yechib berish evaziga 25 ming dollar talab qilib, pullarni olgan vaqtida qoʻlga olingan.

Holat boʻyicha Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik juda koʻp miqdorda), 211-moddasi 3-qismi “a” bandi (pora berish juda koʻp miqdorda) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, gumonlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?